Navoiy aeroporti Uzbekistan Airports davlat kompaniyasi boshqaruv tizimidan chiqariladi

yuz.uz sayti fotosurati

Navoiy xalqaro aeroporti davlatga qarashli Uzbekistan Airports kompaniyasining markazlashtirilgan operatsion boshqaruv tizimidan chiqariladi. Aeroport boshqaruviga yo‘lovchi va yuk tashish reyslari, shuningdek, tranzit va texnik to‘xtashlar uchun mahalliy va xorijiy aviatashuvchilar bilan mustaqil ravishda shartnomalar tuzish huquqi beriladi. Ushbu tashabbus 2 fevral kuni Navoiy xalqaro aeroporti faoliyati samaradorligini oshirish hamda aviatsiya korxonalarini transformatsiya qilish ga bag‘ishlangan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.

Navoiy xalqaro aeroportining asosiy ko‘rsatkichlari 2025 yilda 2024 yilga nisbatan o‘sganiga qaramasdan, havo kemalariga xizmat ko‘rsatish, yo‘lovchi va yuk tashish bo‘yicha maksimal quvvatlaridan to‘liq foydalanilmayapti.

Shuningdek, aeroport infratuzilmasi, texnika parki, yuk va yo‘lovchi terminallarini modernizatsiya qilish, faoliyat jarayonlarini raqamlashtirish zarur.

Respublika rahbariga Navoiy xalqaro aeroportini rivojlantirish bo‘yicha biznes-reja taqdim etildi. Unga ko‘ra, tijorat va noaviatsion faoliyat ko‘rsatkichlari 50 foizga oshiriladi, 25 tadan ortiq aviakompaniyalarning doimiy parvozlari yo‘lga qo‘yilib, qayta ishlanadigan yuk hajmi 20 ming tonnadan oshiriladi.

Aeroport hududida havo kemalariga texnik va tijorat xizmatlari ko‘rsatishga ixtisoslashgan «porto-franko» erkin bojxona zonasini tashkil etish taklif qilindi.

2029 yil 1 yanvarga qadar havo kemalariga xizmat ko‘rsatish uchun olib kiriladigan maxsus texnika va ehtiyot qismlar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi. Shuningdek, hududdagi mehmonxona aeroport tasarrufiga o‘tkaziladi.

Yig‘ilishda aviatsiya sanoati korxonalarini isloh qilish masalalari muhokama qilindi. Xususan, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish va ixtisoslashtirilgan elektr transport vositalaridan foydalanish orqali ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytirish zarurati ta'kidlandi.

2026 yildan boshlab Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports aktsiyadorlik jamiyatlari tomonidan nosohaviy faoliyatni moliyalashtirish to‘xtatilishi belgilandi. Uzbekistan Airports faoliyati 18 ta, Uzbekistan Airways faoliyati esa 16 ta ustuvor vazifa asosida amalga oshiriladi. Jumladan, korxonalarda xizmatlar sifatini oshirish orqali raqobatbardoshlikni mustahkamlash, xizmat va mahsulot tannarxini hisoblashda maqbul metodologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlarining barcha bosqichlarini raqamlashtirish, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.

Transformatsiya doirasida tashkiliy tuzilmalarni qayta ko‘rib chiqish, shtat birliklarini maqbullashtirish, xalqaro kredit reytinglarini oshirish, IPOga chiqish hamda korporativ xalqaro obligatsiyalarni joylashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Yig‘ilishda aviatsiya sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish masalalari, jumladan, Fuqaro aviatsiyasi universiteti va uning qoshida aviatsiya texnikumini tashkil etish ishlarining borishi ko‘rib chiqildi. Ta'lim muassasalari AQShning Embry-Riddle, Frantsiyaning ENAC xalqaro aviatsiya ta'lim markazlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Universitetda bort kuzatuvchi, aviatsiya texnikasi bo‘yicha mutaxassislar va mexaniklar kabi amaliy kasblar bilan birgalikda uchuvchilik, muhandislik, havo harakati dispetcherligi, boshqaruv bo‘yicha ham kadrlar tayyorlash va ilmiy dasturlar yo‘lga qo‘yiladi.

  • Yaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi

  • Markaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor

  • Toshkentda O‘zbekiston gerbini yaratgan rassom Anvar Mamajonovning grafik asarlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda

  • Toshkentda Chori Shamsning «Turkiy xalqlarning xayoliy mavjudotlari» ko‘rgazmasi ochildi