Rossiya Tergov qo‘mitasi qozog‘istonlik sudyaning o‘ldirilishiga oid tergov ishlarini boshladi

Ijtimoiy tarmoqdagi fotosurat

Rossiya Tergov qo‘mitasi Germaniyada sobiq sudya va qozog‘istonlik fuqaro Aygul Sayliboyevaning o‘ldirilishiga oid tergov ishlarini boshladi. Tergovga qotillikda ishtirok etganlar Moskvada yashirinib yurgan bo‘lishi mumkinligiga oid federal televideniye syujeti sabab bo‘lgan, deb xabar beradi Tergov qo‘mitasi matbuot xizmati.

Gap Germaniyada jinoyat ishi qo‘zg‘atilganidan so‘ng Rossiya poytaxtiga ko‘chib o‘tgan marhumaning qaynonasi va sobiq eri haqida bormoqda. Shu munosabat bilan marhumaning ota-onasi tergovni boshlagan Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Ivanovich Bastrikinga murojaat qilgan.

«Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi A.I. Bastrikin Rossiya Tergov qo‘mitasining Moskva bo‘yicha Bosh tergov boshqarmasi boshlig‘i D.V. Belyaevga protsessual tergovning borishi haqida hisobot berishni buyurdi. Ushbu buyruqning bajarilishi qo‘mitaning markaziy apparati tomonidan nazoratga olingan», — deyiladi Tergov qo‘mitasi xabarida.

Aygul Saylibayeva 2024 yil iyun oyi boshida bedarak yo‘qolgan. Taxminan ikki hafta o‘tgach, uning jasadi Germaniyaning Bensxaym shahri chekkasida plastik paketda topilgan. Tergovchilarning so‘zlariga ko‘ra, jasadda ko‘plab pichoqdan olingan jarohat izlari bo‘lgan.

Qozog‘istonlik advokat Janna Urazbaxovaning so‘zlariga ko‘ra, ayol o‘lim arafasida 24 haftalik homilador bo‘lgan. Adkovat so‘zlariga ko‘ra, qotillik o‘ta shafqtsizlik bilan sodir etilgan.

Germaniya huquq-tartibot idoralarining ma'lumotlariga ko‘ra, Saylibayeva erining onasi Natalьya Dontsova asosiy gumondor sifatida tan olingan. Xabarlarga ko‘ra, u Aygul yo‘qolgan kuni mamlakatni tark etgan. 2025 yil 10 dekabrda Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi Natalьya Dontsova va uning o‘g‘li Aleksandr Dontsovni qidiruvga bergan.