Samarqand viloyatida infratuzilmalarni ta’mirlash ishlari «yashil» iqtisodiyot tamoyillariga muvofiq amalga oshiriladi

wikimedia.org sayti fotosurati

Samarqand viloyatida 2026 yilda keng ko‘lamda yo‘l va infratuzilmalarni rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, qurilish va ta’mirlash ishlari «yashil» iqtisodiyot tamoyillari asosida amalga oshiriladi va minimal energiya samaradorligi talablariga javob beradi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning viloyatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonida aytilgan, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Hujjatda Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha maqsadli dastur tasdiqlandi.

Jumladan, unda 298 kilometrlik xalqaro, davlat va mahalliy ahamiyatga ega yo‘llarni, shuningdek, 15 ta yo‘l o‘tkazgichlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ko‘zda tutilgan.

Energiya ta’minoti sohasida ham keng ko‘lamli ishlar rejalashtirilgan. Ushbu dasturda 14 ta tuman (shahar)da 1 ta podstansiyani ta’mirlash, 70 ta transformator punktini o‘rnatish, 137 km elektr tarmoqlarini yangilash o‘rin olgan.

Bundan tashqari, Prezident farmonida ichimlik suvi va oqova suv tizimini yaxshilash uchun 14 ta tumanda 90 ta suv inshooti, 242 km suv tarmog‘ini qurish va ta’mirlash ko‘zda tutilgan.

Kelgusi yil 1 iyuldan boshlab qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan to‘lanadigan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq tushumlari to‘liq tuman (shahar) suv korxonalari ixtiyoriga o‘tkaziladi.

Shu bilan birga, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish maqsadida talabgorlarga paxta maydonlarida joriy etilgan tomchilatib sug‘orish tizimlari uchun belgilangan tartibda har bir gektariga 12 mln so‘mdan (taxminan 1000 dollar) subsidiya beriladi.

Shuningdek, 2026/2027-o‘quv yilidan Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika institutida Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti bilan hamkorlikda muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha fakultet tashkil etish choralari ko‘riladi.