O‘zbekiston hukumati sakkiz mingdan ortiq yetim bolalar uchun omonat depozit hisob raqamlarini ochdi

O‘zbekiston Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekistonda 8 ming nafardan ortiq yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun omonat depozit hisob raqamlari ochildi. Ushbu tashabbus Yangi yil bayramiga ko‘rk bag‘ishlaydigan «Prezident archasi» doirasida amalga oshirildi, deb xabar beradi Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati.

0 dan 17 yoshgacha bo‘lgan 8 ming nafardan ortiq bolalar uchun ochilgan hisob raqamiga davlat tomonidan 500 AQSH dollari miqdorida mablag‘ joylashtirildi. Ushbu mablag‘lar yildan-yilga kapitalizatsiya hisobiga jamg‘arilib boradi. Bola 18 yoshga to‘lgach, ushbu mablag‘lardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, 9 yoshdan yuqori bo‘lgan bolalar va ularning qonuniy vakillariga ijtimoiy kartalar berildi. Ushbu kartalar bolalarga jamoat transportidan imtiyozli narxlarda foydalanish va turli xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi. Ushbu kartalar ularning shaxsini va ijtimoiy yordam olish huquqini tasdiqlash vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Barcha operatsiyalarni Baraka mobil ilovasi orqali kuzatish mumkin.

Yordam oluvchilar ro‘yxatiga quyidagilar kiradi:

▪️ mahallalarda istiqomat qiluvchi yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar;

▪️ mehribonlik uylari, oilaviy va kichik hajmli bolalar uylari hamda SOS bolalar qishloqlari tarbiyalanuvchilari;

▪️ ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish chog‘ida halok bo‘lgan bolalar;

Bundan tashqari, «Taskin» bolalar xospisida davolanayotgan bolalar uchun alohida tartib belgilangan: depozit hisob raqamidagi mablag‘lar zaruratga ko‘ra va qonuniy vakillar murojaati asosida istalgan vaqtda bank kartasiga o‘tkazilishi mumkin.