O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti (YAIM) yil oxiriga kelib tarixda birinchi marta 145 milliard dollardan oshdi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 26 dekabr kuni Oliy Majlis (parlament) va xalqqa murojaatida ma’lum qildi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.
«Bundan to‘qqiz yil oldin iqtisodiyotimiz hajmini 100 milliard dollarga yetkazish biz uchun juda katta marra bo‘lib ko‘rinardi. Bu yil tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz 145 milliard dollardan oshdi. Bunday yuksak natijalar xalqimizning, barchamizning qanday ulkan ishlarga qodir ekanimizni yaqqol namoyon etmoqda», — dedi Mirziyoyev.
U «O‘zbekiston 2030» strategiyasida 2030-yilga kelib YAIMni 160 milliard dollarga yetkazish maqsadi qo‘yilganini eslatib o‘tdi. Biroq, islohotlarning hozirgi sur’ati va biznes faolligi bu muddatni qayta ko‘rib chiqish imkonini beradi.
«Ushbu marraga 2026 yilning o‘zida bemalol erisha olamiz», — dedi Mirziyoyev.
Shundan so‘ng prezident
2026 yili O‘zbekiston iqtisodiyoti 6,6 foizga o‘sishi va YAIMni 167 milliard dollarga yetkazish prognoz qilinayotganini ma’lum qildi.
Ushbu rejalarni amalga oshirish uchun sanoatda «Hosildorlik va samaradorlikni ikki baravar oshirish» dasturi ishga tushiriladi. Asosiy e’tibor xarajatlarni kamaytirish va energiyani tejashga qaratiladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi mehnat unumdorligi va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha alohida loyihani amalga oshiradi. Buning uchun xalqaro moliya institutlaridan umumiy qiymati 200 million dollarlik kreditlar va grantlar ajratiladi.
Loyiha xorijiy texnologlar va muhandislarni jalb qilish, biznes jarayonlarini raqamlashtirish va energiya auditlarini o‘tkazishni o‘z ichiga oladi. Bu borada «To‘rtinchi sanoat inqilobi markazi» tashkil qilinadi. Markaz negizida robototexnika, «buyumlar interneti» (IoT), «aqlli fabrika» kabi «Industriya 4.0» yechimlarini sanoat korxonalarida joriy etish uchun «tartibga solish mexanizmi» yaratiladi.
Kompaniyalar yangi texnologiyalarni ishlab chiqarishga to‘liq joriy etishdan oldin markazda sinovdan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Kadrlarni tayyorlash orqali iqtisodiyot keyingi besh yil ichida 240 milliard dollarga o‘sishi mumkin, dedi Mirziyoyev.
Prezident global savdo qoidalari o‘zgarayotgan sharoitda O‘zbekiston eksporti bu yil 23 foizga o‘sib, 33,4 milliard dollarga yetganini ta’kidladi. Mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari ham rekord darajaga yetdi va birinchi marta 60 milliard dollardan oshdi.
Jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 43,1 milliard dollarni tashkil etdi va uning YAIMdagi umumiy ulushi 31,9 foizga yetdi. Mirziyoyevning ta’kidlashicha, ushbu mablag‘lar kelgusi yillarda mamlakatda barqaror va tezlashtirilgan iqtisodiy o‘sish uchun zamin yaratadi.
Xalqaro reyting agentliklari O‘zbekistonning suveren reytingini «VV-« dan «VV» ga ko‘tardi.
«Birgina ana shu o‘zgarish tufayli chetdan jalb qilinadigan resurslarning foiz stavkasi 1-1,5 punktga pasayib, tashqi qarz xarajati yiliga 250-300 million dollarga kamayadi», — det tushuntirdi prezident.
Shuningdek, O‘zbekiston Jahon bankining Texnologik yetuklik indeksidagi o‘rnini yaxshiladi, 71 pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi va eng yaxshi 10 ta mamlakat qatoriga kirdi, deb qo‘shimcha qildi davlat rahbari.



