Xitoyda gumanoid robotlarni odamlar orasida yashashga o‘rgatuvchi ulkan o‘quv maktabi ochildi, bu yerda mashinalar mehnat muhitiga biriktirilishidan oldin tayrgarlikdan o‘tadilar, deb xabar beradi «Jenmin jibao».
Pekin gumanoid robotlar uchun ma’lumotlar o‘quv markazining ikkinchi bosqichi poytaxtning Shitszinshan tumanida ish boshladi. Majmua ikki qavatni egallaydi va real hayotdagi sanoat va maishiy muhitni realistik tarzda takrorlaydi. Ssenariylar g‘altaklarni saralash va posilkalarni qadoqlashdan tortib, ovqat pishirish va yotoq xonalarini tozalashgacha bo‘lgan turli xil ishlarni o‘z ichiga oladi.
Markazda o‘qitish robot uchun to‘rtta sohadan birida ixtisoslikni tanlashdan boshlanadi: sanoat ishlab chiqarishi, aqlli uy tizimlari, qariyalarni parvarish qilish yoki 5G ko‘magidagi ssenariylar. Ta’lim dasturi 16 ta ixtisoslashgan fanlarni qamrab oladi.
Har bir o‘quv moduli moslashuvchan va turli kontekstlarni simulyatsiya qilish uchun muntazam ravishda qayta konfiguratsiya qilinadi. Ta’lim olayotgan asosiy model 1,66 metr balandlikka ega «Kuafu» robotidir. O‘quv markazi direktori Chju Kay mashinani o‘qitish jarayonini inson bolasining rivojlanishi bilan taqqoslaydi.
«Bolalarning yurishni o‘rganishi uchun takroriy mashqlar talab qilinganidek, robotlarning funksional intellektini rivojlantirish uchun ham turli ssenariylarda intensiv mashg‘ulotlar talab qilinadi», — deydi u.
Markazda 110 nafar xodim ishlaydi, ularning aksariyati 2000-yillarda tug‘ilgan. Trening «kichik sinflar» formatida tashkil etiladi, har bir robotga ikkita instruktor-inson biriktiriladi. Robot bilan bitta ssenariyni mashq qilish odatda yetti-sakkiz kun davom etadi.
Trening davomida o‘qituvchilar virtual reallik (VR) garnituralari va qo‘lda ishlatadigan kontrollerlardan foydalanadilar. Operator robotni masofadan turib vazifalarni bajarishga yo‘naltiradi, masalan, himoya plyonkasini qutiga joylash, kompyuter terminali ma’lumotlarni yozib boradi. O‘qituvchilar aniqlikni ta’minlash uchun rollarni almashtiradilar.
Trening yuqori darajada tafsilotlar va sabr-toqatni talab qiladi. Masalan, mashinani pechka ustiga tova qo‘yishga o‘rgatish uchun 1250 marta takrorlash lozim bo‘ladi, ularning har biri robotning muvofiqlashtirishini yaxshilash va «odamga o‘xshab» ishlashiga erishish uchun qayd qilinadi.
Markazni yaratish sohada yuqori sifatli ma’lumotlar taqchilligi muammosini hal qilishga qaratilgan. Ilgari, treninglar kompaniyalar tomonidan alohida o‘tkazilardi, bu esa nomuvofiq natijalarga olib kelardi, markazlashtirilgan yondashuv esa standartlashtirilgan ma’lumotlar to‘plamlarini yaratishga imkon beradi. Markaz har yili bir necha million ma’lumot nuqtalarini yaratishi taxmin qilinmoqda va Suchjou, Szinan, Xefey va Chjenchjou shaharlariga ulangan butun mamlakat bo‘ylab ma’lumotlarni yig‘ish tarmog‘ining bir qismidir.
Hozirda markazdagi robotlar materiallarni qayta ishlash, tekshirish va yetkazib berish kabi 20 dan ortiq operatsion ko‘nikmalarni o‘zlashtirganlar. Belgilangan vazifalarni bajarishdagi muvaffaqiyat darajasi 95% dan oshadi.
O‘qitilgan androidlarning ba’zilari allaqachon real korxonalarda ishga joylashtirilgan. Ularning orasida China FAW Group Co., Ltd. (FAW Group) avtomobil korporatsiyasi, logistika kompaniyalari, Shenzhen Capital Group (kuryerlar) va China Southern Power Grid Co., Ltd. (energiya tarmoqlari inspektorlari). Mashinalar shuningdek, «Chjunguansun» forumida gid sifatida ishlatiladi. Mutaxassislar ularning talabgirligini robotlarning real hayotdagi operatsiyalarga tezda moslashish imkonini beruvchi treninglarning amaliy tabiati bilan bog‘laydilar.



