Afg‘onistonni boshqarayotgan «Tolibon»* harakati Tojikistonning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati poytaxti Xorug‘dagi mamlakat Bosh konsulligini yopdi. Bu haqda «Xashte subh» gazetasi xabar berdi.
Gazeta xabariga ko‘ra, toliblar konsul Naqibulla Dehqonzodani 15 dekabr kuni lavozimidan olib tashlagan. Shu bilan birga, konsullikning faoliyati ham to‘xtatilgan. «Aziya-Plyus» xabariga ko‘ra, Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi bu ma’lumotni tasdiqlagan va qaror Afg‘oniston rasmiylari tomonidan qabul qilinganiga aniqlik kiritgan.
«Bu masaladan xabardormiz. Xalqaro kelishuvlarga ko‘ra, boshqa mamlakatda konsullikni ochish yoki yopish har bir hukumatning o‘z qarori hisoblanadi», — deb ta’kidlaydi vazirlik.
«Xashte subh» xabariga ko‘ra, Naqibulla Dehqonzoda Afg‘oniston sobiq hukumati davridan Xorug‘da konsul bo‘lib ishlab kelgan. Hokimiyat almashgandan so‘ng, u toliblar bilan hamkorlik qila boshlagan va go‘yoki «Tolibon» Tashqi ishlar vazirligiga 120 ming dollar o‘tkazgan. Ta’kidlanishicha, uning ishdan bo‘shatilishi kelajakda sobiq hukumat davrida ishlagan Muhammad Zohir Akbar o‘rniga Afg‘onistonning Tojikistondagi yangi elchisi etib tayinlanishi mumkinligiga oid mish-mishlar ortidan sodir bo‘lgan.
Shuni ta’kidlash lozim, 2023 yil kuzida Muhammad Zohir Akbar Xorug‘dagi Afg‘oniston konsulligi «iqtisodiy resurslar yetishmasligi tufayli o‘z faoliyatini to‘xtatganini» ma’lum qilgandi. Dehqonzoda bu ma’lumotni rad etgan va Xorug‘dagi Afg‘oniston Bosh konsulligi rasman faoliyat yuritayotganini va toliblar hukumatining bevosita nazorati ostida ekanini aytgan.
Shu bilan birga, 2024 yil fevral oyida Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Xorug‘dagi Afg‘oniston Bosh konsulligi «Tolibon» nazorati ostida emasligini va Tojikiston yangi hukumatning biron bir vakilini akkreditatsiyadan o‘tkazmaganini xabar qilgandi.
Tojikiston Markaziy Osiyoda «Tolibon» bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri siyosiy va diplomatik aloqalarga ega bo‘lmagan yagona mamlakat hisoblanadi. Shunga qaramasdan so‘nggi paytlarda hukumat darajasidagi aloqalar tobora tezlashib bormoqda, bu ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar iliqlashayotganidan dalolat berishi mumkin.
*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.

