O‘zbekistondagi to‘qimachilik kompaniyalariga aylanma mablag‘ uchun 200 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 dekabr kuni to‘qimachilik sanoatida 2025 yil yakunlari hamda kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishganda shu haqda so‘z yuritildi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda to‘qimachilik sanoatida ishlab chiqarish hajmi 134 trillion so‘mni (11 milliard dollardan ortiq) tashkil etgan. Xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish 2,1 milliard dollarga yetgan. Eksport hajmi esa 2,5 milliard dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan o‘sish ta’minlangan. Tarmoqda band aholi soni 623 ming nafarga yetgani, kelgusi yilda ushbu ko‘rsatkichni 650 ming nafargacha oshirish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, tarmoqni barqaror rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan ayrim omillar ham qayd etildi. Xususan, paxta tolasiga bo‘lgan talabning bir qismi import hisobiga qoplanayotgani, moliyaviy resurslar qiymatining yuqoriligi, tashqi bozorlarda logistika xarajatlari ortishi va ayrim yo‘nalishlarda malakali mutaxassislar yetishmasligi soha oldida turgan dolzarb vazifalar sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
Ushbu muammolarni hal etish maqsadida 2026 yil uchun aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Jumladan, korxonalarga aylanma mablag‘ uchun 200 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratish, 138 ta korxonani moliyaviy sog‘lomlashtirish, 100 ta yangi korxonani eksport faoliyatiga jalb qilish rejalashtirilmoqda. Kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar paxta tolasini qayta ishlashni chuqurlashtirish va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish uchun quvvatlardan foydalanishni ko‘paytirishni o‘z ichiga oladi.
2026 yilda paxta xomashyosini qayta ishlashni yanada chuqurlashtirish hamda gazlama, trikotaj va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasini oshirish ko‘zda tutilgan. Mahsulot ishlab chiqarish hajmini 147 trillion so‘mga ($12,2 mlrd), eksportni esa 3,3 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Tarmoqqa 2,2 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish reja qilingan. Buning evaziga 207 ming tonnalik sintetik, aralash ip, 397 million kvadrat metrlik gazlama, 224 million dona tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Xalqaro standart va sertifikatlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratiladi. Better Work, BCI, FWF, Organic EU kabi dasturlar 60 ta korxonada tatbiq etiladi, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari 15 ta korxonada joriy qilinadi. Shuningdek, tayyor mahsulotlar sifati bo‘yicha 24 turdagi tahlillarni o‘tkazuvchi zamonaviy to‘qimachilik laboratoriyasi tashkil etiladi.
Tarmoqda raqamlashtirishni jadallashtirish, ERP (Enterprise Resource Planning — korxona resurslarini rejalashtirish) tizimlari va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali ishlab chiqarish samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan. Bu jarayonga 40 ta korxona jalb etiladi. Xalqaro brendlar bilan hamkorlik qilish va xorijiy korxonalar relokatsiyasini rag‘batlantirish bo‘yicha aniq rejalar belgilab olindi.



