O‘zbekistonda 2025 yil davomida ishlab chiqarishda 731 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan, 212 kishi vafot etgan. Bu haqda Senatning yalpi majlisida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Jo‘rayev ma’lum qildi, deb xabar beradi «Gazeta.uz».
Bandlik vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 535 ishchi og‘ir, 26 ishchi esa yengil jarohat olgan. Eng ko‘p baxtsiz hodisalar qurilish sohasida (198), yengil sanoatda (43), transport (36) va qishloq xo‘jaligi (35) sohasida qayd etilgan. Qolganlari boshqa sohalarga to‘g‘ri kelgan.
Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar o‘rganilganda, 2372 ta qonun buzilishi aniqlangan. Mas’ul mansabdor shaxslarga jami 1 milliard so‘m (83 000 dollardan ortiq) miqdorida ma’muriy jarima solingan, 196 ta holatda esa jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan. Ishchilar va ularning oilalariga 6,1 milliard so‘m (508 300 dollar) miqdorida kompensatsiya to‘langan.
Jurayev shuningdek, Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan 2025 yil davomida 13 ming nafar xodim foydasiga 159 mlrd so‘mlik (13,2 million dollardan ortiq) ish haqi undirilishi ta’minlangan. Mehnat qonunchiligini buzganlik uchun 8259 mansabdor shaxsga jami 22 milliard so‘m (1,8 million dollar) miqdorida ma’muriy jarima solingan. Texnika xavfsizligi va mehnatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha tekshiruvlar 7327 ta korxona va tashkilotni qamrab olgan. Ularda 11 mingga yaqin qoidabuzarlik aniqlangan.
Vazir o‘rinbosari mehnat huquqlarining buzilishi davlat tomonidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda, jumladan, hokimliklar, ta’lim muassasalari va sog‘liqni saqlash muassasalarida tez-tez qayd etilishini ta’kidladi.
«Noqonuniy ishdan bo‘shatish holatlari ko‘pincha aynan davlat budjet tashkilotlarida uchraydi. Ko‘p hollarda xodim mehnat intizomining buzilishiga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa ham, o‘z vaqtida xabar berish, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish kabi texnik yoki tashkiliy tartiblarga rioya qilmagani sababli uni ishdan bo‘shatish g‘ayriqonuniy deb topiladi. Natijada sudlar tomonidan xodimlarni ishga tiklash bo‘yicha qarorlar qabul qilinmoqda», — dedi Marat Jo‘rayev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, mehnat inspeksiyasi Oliy sud, Adliya vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda qonunchilikni, shu jumladan, ishdan bo‘shatish va vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibini takomillashtirish ustida ish olib bormoqda.
Jo‘rayevning qo‘shimcha qilishicha, Mehnat inspeksiyasi tomonidan mahallalardagi hokim yordamchilari bilan birga 17 mingta korxona xatlovdan o‘tkazilgan. Uning yakunlari bo‘yicha 80 mingta ish o‘rni rasmiylashtirilgan. Kambag‘allikni kamaytirish va bandlik vazirligi sun’iy intellektdan foydalangan holda mehnat munosabatlari bo‘yicha onlayn savol-javob tizimini joriy etish ustida ishlamoqda. Fuqarolarga onlayn rejimda maslahat olish imkonini beradigan 10 mingta savol-javob bazasini yaratish rejalashtirilmoqda.



