Rossiya prezidenti Vladimir Putin Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan uchrashuvda Odinsovo tumanidagi Gorki-2 qishlog‘i maktabida tojikistonlik Qobiljon Aliyevning yaqinda vafot etgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi va bu voqeani terakt deb atadi. Bu haqda TASS xabar berdi.
«Ikki tomonlama uchrashuvimizni sizga va bir necha kun oldin vafot etgan tojikistonlik bolaning oilasiga samimiy hamdardlik bildirishdan boshlamoqchiman. Bolalarga qarshi terrorchilik hujumlari o‘ta og‘ir jinoyatdir va shubhasiz, tergov yakuniga yetkaziladi va aybdorlar, albatta, jazolanadi», — dedi Putin.
Ta’kidlash joiz, qotil, 15 yoshli Timofey K.ga qarshi «odam o‘ldirish» va «ikki yoki undan ortiq odamni o‘ldirishga suiqasd» moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. OAV Qobiljonning o‘limiga sabab bo‘lgan hujumni «fojia», «voqea», «baxtsiz hodisa», «favqulodda vaziyat» yoki «pichoqlash» deb ta’rifladi.
Eslatib o‘tamiz, fojiali voqea 16 dekabr kuni sodir bo‘lgandi. Ertalab Uspenskiy maktabining 15 yoshli o‘quvchisi pichoq va gaz balloni bilan qurollangan holda ta’lim muassasasi qo‘riqchisini yaralagan va 10 yoshli 4-sinf o‘quvchisini o‘ldirgan. Keyin u o‘quvchilardan birini garovga olib, sinf xonasiga berkinib olgan. O‘smir maktabga kelgan xavfsizlik kuchlari tomonidan qo‘lga olingan va so‘roq paytida o‘z aybiga iqror bo‘lgan.
Tergov qo‘mitasi tomonidan qotillik va odam o‘ldirishga suiqasd moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Agar sud-psixiatriya ekspertizasi o‘smirni aqli raso deb topsa, u holda jinoyatchi 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Versiyalardan biriga ko‘ra, jinoyat motiviga o‘smirning ksenofobik qarashlari sabab bo‘lgan: hujumdan oldin u duch kelgan o‘quvchilardan qaysi millatga mansubligini so‘ragan va bundan oldin u sinfdoshlariga yahudiylar, musulmonlar, antifashistlar va liberallarga qarshi tajovuzkor shiorlar bitilgan «manifest»ini tarqatgan. Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, uning asosiy nishoni matematika o‘qituvchisi bo‘lgan, undan qasd olish uchun o‘smir qo‘lbola portlovchi moslama tayyorlagan.

