Osiyo Futbol Konfederatsiyasi yangi milliy terma jamoalar turniri — OFK Millatlar ligasini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda tashkilotning rasmiy saytida xabar berildi.
Konfederatsiya aniq muddatni taqdim etmagan, ammo xabarda u «yaqin kelajakda» amalga oshirilishi aytilgan. Ushbu tashabbus a’zo assotsiatsiyalar salohiyatini mustahkamlash va xalqaro o‘yinlar barqaror tizimini yaratish strategiyasining bir qismi sifatida amalga oshiriladi.
OFK ma’lumotlariga ko‘ra, rivojlanishdagi asosiy to‘siq – raqiblar cheklanganligi, operatsion xarajatlarning oshishi va logistika qiyinchiliklari tufayli o‘rtoqlik o‘yinlari uchun FIFAning xalqaro oynalaridan foydalanish imkonsiz ekanidadir.
Millatlar ligasi ushbu muammolarni hal qilishga qaratilgan. Yangi turnir FIFA kunlarida o‘xshash darajadagi jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlarni namoyish etish orqali zarur muvozanatni ta’minlashi, markazlashtirilgan muvofiqlashtirish orqali xarajatlar samaradorligini oshirishi va milliy jamoalar uchun aniqroq rivojlanish yo‘llarini yaratishi kutilmoqda.
«FIFAning xalqaro oynalariga tuzilmaviy musobaqa platformasini joriy etish, taqvim barqarorligini oshirish va aniq sport rag‘batlantirishlari bilan biz milliy jamoalar duch keladigan logistika va moliyaviy qiyinchiliklarni hal qilish bilan birga ularning yuqori darajadagi o‘yinlarda muntazam ishtirok etishnii ta’minlashga intilyapmiz. Shuningdek, biz tijorat hamkorlarimiz tomonidan Millatlar ligasi uslubidagi turnir formatiga katta qiziqish va ortib borayotgan talabni ham ko‘rmoqdamiz, bu uning muxlislar, teleradioeshittirishlar va boshqa manfaatdor tomonlar uchun jozibadorligini, shuningdek, yanada qiziqarli va tijorat jihatidan jozibador xalqaro futbol mahsulotini taklif qilishni aks ettiradi», — dedi OFK bosh kotibi Datuk Seri Uindzor Jon.
Ta’kidlash joiz, Yevropada UEFA Millatlar ligasi mavjud, unda barcha Yevropa jamoalari FIFA reytingiga asoslanib to‘rtta divizionga bo‘lingan va YEVROga chiqish va joy olish uchun kurashadi. Ya’ni, hatto autsayderlar ham Yevropa chempionatida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.



