Tibbiyot muassasalariga ishbilarmonlar rahbarlar etib tayinlanadi

gazeta.uz sayti fotosurati

2026 yildan boshlab O‘zbekistonda barcha tibbiyot muassasalarida rahbar va bosh shifokor lavozimlari bir-biridan ajratiladi. Ularga rahbarlar menejerlikka o‘qigan, yaxshi natijalar ko‘rsatgan tadbirkorlar orasidan tayinlanadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi, deb xabar beradi uning matbuot xizmati.

Ushbu yangi qoidalar 26 ta markaz direktorlariga, viloyat va tuman sog‘liqni saqlash boshqarmalari rahbarlariga va oilaviy poliklinikalar rahbarlariga taalluqli bo‘ladi.

Muassasa direktorlari aniq oylik rejalar asosida ishlaydi. Shuningdek, ular bir oy davomida eng muammoli hududlar va mahallalarga borib, kasallik sabablarini o‘rganishlari, yechimlarni taklif qilishlari va mahalliy mutaxassislarni yangi davolash usullari bo‘yicha o‘qitishlari shart bo‘ladi.

Rag‘batlantirish tizimi ham o‘zgaradi. Eng yaxshi viloyat va tuman tibbiyot muassasalari va oilaviy poliklinikalar rahbarlariga «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tibbiyot xodimi» unvoni, orden va medallar hamda 30 million so‘m (2500 dollar) miqdorida pul mukofotlari beriladi. Mazkur xodimlar boshqaradigan kasalxonalar infratuzilmasini yaxshilash uchun 500 million so‘m (41 500 dollar) ajratiladi.

Bundan tashqari, har bir viloyatda eng yaxshi 2 ta tumanning sog‘liqni saqlash bo‘limi rahbari va oilaviy poliklinika mudiri AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Koreya, Turkiya kabi tibbiyoti rivojlangan mamlakatlarga menejerlikka o‘qitish uchun yuboriladi.

Soha boshqaruv tizimidagi o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida prezident so‘nggi besh yil ichida ixtisoslashgan markazlarga so‘nggi besh yilda 7,5 trillion so‘m (623 million dollardan ortiq) mablag‘ berilib, ular minglab eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Shunga qaramay, uskunalarning quvvatidan bor-yo‘g‘i 25 foiz foydalanilayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shuning uchun profilaktika va davolash bo‘yicha aniq rejalar tuzish, shuningdek, katta xarajatlar evaziga sotib olingan qimmatbaho uskunalardan samarali foydalanishni ta’minlash zarur.

Islohotlar ta’lim tizimiga ham ta’sir qiladi. Kelgusi o‘quv yilidan tibbiyot oliygohlarining bakalavr bosqichida pediatriya va davolash yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan umumiy tibbiyot fakulteti ochilishi e’lon qilindi. Ularda oilaviy shifokorlik mutaxassisligi bo‘yicha rezidentura va magistratura ham yo‘lga qo‘yiladi.

Rezidenturada ta’lim olayotgan talabalar bepul o‘qish bilan birga oilaviy shifokor sifatida ishlab maosh oladi. Rezidentura bitiruvchisi oilaviy shifokorlik bo‘yicha tor soha diplomi va 150 foizli ustama oladi.

Endilikda oddiy muolajani qiladigan emas, tashxis, davolash va profilaktikada shifokorga ko‘makchi bo‘ladigan hamshiralarni tayyorlashga o‘tish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Buning uchun Hamshiralar akademiyasi Toshkent davlat tibbiyot universiteti tasarrufiga o‘tkazilib, negizida Oliy kasbiy tibbiyot akademiyasi tashkil qilinadi. Kelgusi yildan barcha tibbiyot oliygohlarida oliy hamshiralik ishi yo‘nalishi ochiladi, oliy ma’lumotli hamshiralarning maoshiga 100 foiz ustama beriladi.

Davlat rahbari xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishini e’lon qildi. Xususan, kelgusi yildan tibbiy uskuna, jihoz va tez yordam mashinalarini olib kirish bo‘yicha imtiyoz 3 yilga uzaytiriladi. Umumiy ovqatlanish korxonalariga QQSning bir qismini qaytarish bo‘yicha berilgan imtiyoz xususiy tibbiyot tashkilotlariga ham qo‘llanadi. Zamonaviy ko‘p tarmoqli klinikalarni tashkil qilish va ularni jihozlash uchun tadbirkorlarga 200 million dollarlik imtiyozli resurs ajratiladi.

«Men shifokor egnidagi oq libosni nafaqat kasb belgisi, balki Vatanga cheksiz sadoqat ramzi deb bilaman. Bundan buyon ham shifokorning, har bir tibbiyot xodimining obro‘sini himoya qilish, unga har tomonlama munosib sharoit yaratish e’tiborimiz markazida bo‘ladi», — dedi Mirziyoyev.