AQSH prezidenti Donald Tramp O‘zbekiston bilan ajoyib savdo-iqtisodiy bitim tuzganini e’lon qildi. Kelishuvga ko‘ra, Markaziy Osiyo respublikasi AQSH iqtisodiyotiga 100 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritadi, deb xabar beradi Reuters alentligi Oq uy rahbarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga tayangan holda.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston keyingi uch yil ichida AQSH tovarlarini sotib olish va mamlakatga investitsiyalar kiritish uchun 35 milliard dollar, keyingi 10 yil ichida esa 100 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratadi. Ushbu mablag‘lar AQSH iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridagi loyihalarga sarflanadi. Xususan, bularga muhim mineral ashyolar qazib olish, samolyotsozlik, avtomobilsozlik, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, energetika, kimyo sanoati, axborot texnologiyalari va boshqalar kiradi.
Amerika rahbari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga hamkorligi uchun minnatdorchilik bildirib, ikki mamlakat o‘rtasidagi uzoq muddatli va samarali munosabatlarga umid qilishini qo‘shimcha qildi.
Vashingtonda bo‘lib o‘tgan «Markaziy Osiyo-AQSH» («C5+1») sammitiga raislik qilgan Tramp mintaqa mamlakatlari bilan hamkorlikni yuqori baholadi. Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, Oq uy ma’muriyati endi strategik ahamiyatga ega va nihoyatda boy hudud bo‘lgan Markaziy Osiyoning salohiyatini e’tiborsiz qoldirgan oldingi prezidentlarning xatolarini tuzatmoqda.
Tramp o‘z nutqida iqtisodiy sheriklik va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga urg‘u berdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, so‘nggi oylarda Qo‘shma Shtatlar va Markaziy Osiyo respublikalari Amerika harbiy texnikasini yetkazib berishni o‘z ichiga olgan katta miqdordagi savdo bitimlarini tuzganlar.
O‘zbekiston rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, sammit oldidan Mirziyoyev va Tramp o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikka oid keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi. Davlat rahbari amerikalik hamkasbini ichki va tashqi siyosatni amalga oshirishdagi muhim yutuqlari bilan tabrikladi. Uning keskin xalqaro va mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilishga qo‘shgan hissasi alohida ta’kidlangan.
Yetakchilar, shuningdek, qo‘shma loyihalarni ilgari surish uchun institutsional mexanizmlarni yaratish va takomillashtirish muhimligini ta’kidladilar.
ℹ️ Ikkinchi «C5+1» sammiti Vashingtonda AQSH prezidenti Donald Tramp raisligida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov qatnashdi.


