Xitoy kompaniyasi Farg‘ona viloyatida chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi zavod quradi

Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati fotosurati

Xitoyning China Everbright International kompaniyasi Farg‘ona viloyatida taxminan 150 million dollarlik chiqindilarni qayta ishlash zavodini quradi. Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu zavod qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Farg‘ona tumanidagi Oqbilol qishlog‘ida quriladigan zavod ishga tushirilgandan so‘ng yiliga 547 ming tonna (kuniga 1,5 ming tonna) maishiy chiqindilarni ekologik jihatdan xavfsiz termik usulda qayta ishlab, 227,5 million kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, korxonada 400 nafarga yaqin yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi hamda mahalliy mutaxassislar zamonaviy texnologiyalar asosida malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Ushbu korxonaning ishga tushishi chiqindilarni poligonlarda yig‘ilishini keskin kamaytirish, ekologik holatni yaxshilash va energetika sohasida barqarorlikka erishish imkonini beradi, deya ta’kidlaydi matbuot xizmati.

Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Nuriddin Mamajonov xitoylik sheriklar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha mintaqaning iqtisodiy salohiyatini yanada oshirishga va elektr energiyasi ta’minotini yaxshilashga hissa qo‘shishini ta’kidladi.

O‘z navbatida China Everbright International direktori Vey Jun Bo samarali hamkorlik va ishonch tufayli bu kabi loyihalar amalga oshirishga kirishilganini ma’lum qildi. Viloyatning atrof muhitini yaxshilash, ijtimoiy—iqtisodiy rivojlantirishiga hissa qo‘shishdan mamnun ekanini qayd etdi.

Joriy yilning sentyabr oyida Toshkentda mamlakatdagi birinchi tibbiy chiqindilarni yoqish zavodi ochilgani haqida xabar berilgan edi. Amerikaning Sayar kompaniyasiga tegishli bo‘lgan ushbu zavod bir nechta shahar kasalxonalari chiqindilarini qayta ishlash orqali issiqlik energiyasini ishlab chiqaradi.