O‘zbekistonda prokuratura faoliyati avtomatlashtiriladi va jinoiy ishlar bilan bog‘liq hujjatlar raqamlashtiriladi

O‘zbekistonda prokuratura faoliyatini avtomatlashtirish, shuningdek jinoiy ishlarning barcha bosqichlarini raqamlashtirishga qaratilgan axborot tizimlari majmuasini joriy etish rejalashtirilgan. Tegishli tashabbuslar mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ««Raqamli prokuratura — 2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida aks etgan, deb xabar beradi respublika Adliya vazirligi.

Unga muvofiq, quyidagilar prokuratura organlari faoliyatini raqamli transformatsiya qilishning asosiy maqsadlari etib belgilandi, jumladan:

✅ 2030 yilgacha ilg‘or xalqaro tajriba asosida prokuratura organlari faoliyatining barcha yo‘nalishlarini avtomatlashtirish;

✅ tergov va prokuror nazorati jarayonlarini elektron shaklga o‘tkazish.

Farmonga ko‘ra, Raqamli prokuror axborot tizimlari kompleksi prokuratura organlari faoliyatiga joriy etiladi. Mazkur tizim davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qonunlarning ijro etilishi, ular tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning Konstitutsiya va qonunlarga muvofiqligini masofaviy nazorat qilish imkonini beradi.

Bundan tashqari nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘tkaziladigan nazorat tadbirlarida qonunlarga rioya etilishi ustidan monitoring olib borish maqsadida «Tekshiruvlarning yagona elektron reyestri» axborot tizimining sinov versiyasi ishlab chiqiladi. 2026 yil 1 dekabrdan ushbu tizimning to‘liq versiyasi ishga tushiriladi.

Shuningdek, farmonga ko‘ra, «E-tergov» axborot tizimi joriy etiladi va uning asosiy vazifalari jinoyat ishi yurituvining barcha bosqichlarini elektron shaklga o‘tkazish, sud ekspertizasini onlayn rejimda tayinlash, moddiy zararni hisobga olish va undirish jarayonlarini monitoring qilishdan iborat bo‘ladi.

Bundan tashqari, Huquqni muhofaza qilish akademiyasida 2026/2027 o‘quv yilidan har yilgi qabul parametrlari (kvotalari) doirasida kunduzgi ta’lim shaklida o‘qish muddati 4 yilni tashkil etadigan «Kiberhuquq» bakalavriat ta’lim yo‘nalishi joriy etiladi.

Mazkur Farmon va Strategiyadagi vazifalarning amalga oshirilishini ta’minlash uchun Bosh prokuraturaning Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va axborot xavfsizligini ta’minlash boshqarmasi negizida Bosh prokuraturaning Raqamli texnologiyalar markazi tashkil etiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda mas’ul vazirlik va idoralar vakillari bilan uchrashuvda prokuratura va huquqni muhofaza qilish idoralari tizimini raqamlashtirish zarurligi to‘g‘risida so‘z yuritgandi. Respublika rahbari yangi qoidalar joriy etish dolzarbligini bu yili 1300 holatda tergovchilar xatolari aniqlangani va sudlar turli kamchiliklar tufayli 637 ta ishni qayta tekshiruvga yuboragani bilan izohladi.

Shuning uchun, butun sud jarayoni —jinoyatga oid xabarlar kelib tushishidan to sud qarori chiqarilguncha qadar bo‘lgan jarayonni raqamlashtirish, shuningdek sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishga qaror qilindi. Bunday yondashuv inson omili ta’sirini kamaytiradi va davlat organlari xodimlari javobgarligini oshiradi.