«Mahalla» xayriya fondi Islom sivilizatsiyasi markaziga nodir qo‘lyozmalarni sovg‘a qildi

Qo‘lyozmalarni topshirish marosimi. cisc.uz sayti fotosurati

«Mahalla» xayriya fondi Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan ikkita qo‘lyozmani sovg‘a qildi, deb xabar beradi ITSM matbuot xizmati.

Hozirda Markaz kolleksiyasidan 1920 yili yozilgan «Hazrati Shohmardon va Sayyid Battol G‘oziy» dostoni va Umar Rushaydiyning shogirdi eronlik xattot Mir Muhammad Nuriy tomonidan 1872 yili Sharqiy Ozarbayjonda ko‘chirilgan Qur’oni Karim o‘rin oldi. Qo‘lyozma zarhal hoshiyalar bilan bezatilgan.

«O‘tmishning buyuk merosi – ma’rifatli kelajak asosi» xalqaro forumi doirasida bo‘lib o‘tgan sovg‘a topshirish marosimida fondning Respublika boshqarmasi raisi Dilshodbek Usmonov qo‘lyozmalarning sovg‘a qilinishi ITSM faoliyatiga qo‘yilgan kamtarona hissa ekanini ta’kidladi. Bu ko‘rgazmalar tashrif buyuruvchilar uchun «ma’naviy ozuqa va ma’rifat manbai bo‘lishiga» umid bildirdi.

Ikkala qo‘lyozma ham Markaz muzeyi ko‘rgazmasida namoyish etiladi.

ℹ️ «Buyuk o‘tmish merosi – ma’rifatli kelajak asosi» mavzuidagi forum Shavkat Mirziyoyev taklifi bilan tashkil etildi. Tadbirda 20 dan ortiq davlatdan 200 dan ortiq olim va ekspertlar ishtirok etdi. TURKSOY, ISESCO, IRSICA, Al-Furqan kabi milliy va xalqaro ilmiy tashkilotlarning vakillari ekspert sifatida ishtirok etdi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.