O‘zbekistonlik poygachi Ahmadxo‘jayev Belgiyadagi Ultimate Cup Series poygasida g‘olib chiqdi

Ismoil Ahmadxo‘jayev. Tashkilotchilar fotosurati

O‘zbekistonlik avtopoygachi Ismoil Ahmadxo‘jayev Belgiyadagi Spa-Frankorsham trassasida bo‘lib o‘tgan Ultimate Cup Series musobaqasining to‘rtinchi bosqichidagi UCS2 sinfida g‘olib chiqdi.

Bosqich 18–20 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tdi. Ahmadxo‘jayev Rossa Racing jamoasi tarkibida Rossa LM GT avtomobilida ishtirok etdi. Ultimate GT Sprint Cup doirasida jami ikki poyga o‘tkazildi.

Birinchi poygada rossiyalik pilot Roman Rusinov g‘olib bo‘ldi. U UCS2 sinfida ham, umumiy hisobda ham birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi poygada esa Rossa LM GT rulbariga Ahmadxo‘jayev o‘tirdi. Poul-pozitsiyadan start olgan o‘zbekistonlik poygachi o‘z sinfida g‘olib chiqdi. Shu tariqa, jamoa bosqichni ikki poul-pozitsiya va ikki g‘alaba bilan yakunladi.

Poygalar ob-havo o‘zgaruvchan sharoitda o‘tkazildi. Kvalifikatsiya quruq trassada bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, poygalar vaqtida yomg‘ir yog‘a boshladi.

«Spa — juda texnik trassa, bu yerda har bir aylana to‘liq diqqatni talab qiladi, ayniqsa ob-havo doim o‘zgarib turganida. Shuning uchun aynan shu yerda, jahon avtosportining eng mashhur trassalaridan birida podiumda birinchi o‘rinni egallash va O‘zbekistonni bunday yuqori darajada namoyon etish ayniqsa yoqimli. Butun jamoaga mehnati uchun va Romaga ushbu hafta oxiri uchun rahmat», — dedi Ahmadxo‘jayev.

Iyul oyida Rossa LM GT Italiyaning Mudjello trassasidagi Ultimate GT Sprint Cup musobaqasida g‘olib chiqqan edi. O‘shanda Rusinov bosqichning ikkinchi poygasida va umumiy hisobda g‘olib bo‘lgan, Ahmadxo‘jayev esa birinchi poygada raqibi bilan to‘qnashuvdan so‘ng poygani yakunlay olmagan.

Ultimate GT Sprint Cup Ultimate Cup European Series dasturiga kiradi. Musobaqa formati 35 daqiqadan iborat ikkita poygani nazarda tutadi; seriyada turli GT sinflariga mansub avtomobillar ishtirok etadi.

Ismoil Ahmadxo‘jayev — Toshkentlik 21 yoshli poygachi. U sport faoliyatini kartingdan boshlagan va O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. 2022–2023 yillarda BAA va Italiyadagi Formula 4 chempionatlarida ishtirok etgan, 2022 yilda esa FIA Motorsport Games musobaqasida «Formula-4»da O‘zbekiston sharafini himoya qilgan.

2026 yil yanvar oyida Ahmadxo‘jayev Rossa Racing tarkibida «Dubayning 24 soati» bir sutkalik marafonida debyut qildi. Rossa LM GT ekipaji GTX sinfida oltinchi o‘rinni egalladi. Shu yil yozida Ahmadxo‘jayev Roman Rusinov bilan birga Italiyaning Mudjello shahridagi Ultimate Cup GT Sprint bosqichida ishtirok etdi va ularning avtomobili poygalardan birida g‘olib chiqdi.