Olmaotada giyohvandlik vositalarini saqlashda ayblanayotgan sobiq pravoslav ruhoniysi Iakov Voronsov sud jarayonini yopiq rejimda o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorga norozilik sifatida ochlik e’lon qildi. Voronsov bayonotini Respublika.kz nashri e’lon qildi.
Sobiq iyeromonax Iakov (asl ismi Vladimir Voronsov) ishini Olmaotaning Medeu tumani 2-sonli tuman sudi ko‘rib chiqmoqda. Birinchi sud majlisi bir necha kun oldin o‘tkazilishi kerak edi, biroq u «noma’lum muddatga» qoldirilgan. Natijada sud jarayoni 16 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 15:00 da boshlandi.
Sud binosi oldiga Voronsovning qarindoshlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va uni qo‘llab-quvvatlovchilar to‘plandi. Sud majlisi boshida davlat ayblovchisi ayrim guvohlar o‘z xavfsizligidan xavotirda ekanini bildirib, sud jarayonini yopiq rejimda o‘tkazishni so‘radi. Himoya tomoni bunga qarshi chiqdi, biroq sudya prokurorning iltimosnomasini qanoatlantirdi.
Shundan so‘ng Voronsov qarorni noqonuniy va «uning huquqlarini qo‘pol ravishda buzuvchi» deb hisoblashini ta’kidlagan.
«Norozilik sifatida ochlik e’lon qilaman. Faqat suv ichaman... Huquqlarim buzilganiga norozilik sifatida muddatsiz ochlik e’lon qilaman», — degan ruhoniy. Uning qo‘shimcha qilishicha, sud uni himoya huquqi, oshkoralik va so‘z erkinligidan mahrum qilgan.
Ruhoniyning advokati G‘alim Nurpeisov Respublika.kz nashriga bergan izohida sudyaning qarorini «absurd» deb ataydi. Uning ta’kidlashicha, o‘z hayotidan xavfsirayotgan guvohlarni so‘roq qilishning maxsus tartibi mavjud bo‘lib, unda guvohlarni sud jarayoni ishtirokchilari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqadan himoya qilish mumkin. Shu sababli sud jarayonini to‘liq yopish talab etilmaydi.
❗Iyeromonax Iakov Voronsov Qozog‘istonda o‘zining ochiq urushga qarshi pozitsiyasi bilan tanilgan. U Rossiyaning Ukrainaga bosqinini omma oldida tanqid qilgan, Rus pravoslav cherkovi rahbariyati siyosatini qoralagan hamda Qozog‘istonda Moskva patriarxatidan mustaqil pravoslav jamoasini ro‘yxatdan o‘tkazishga uringan.
O‘z pozitsiyasi tufayli Voronsov ruhoniylik unvonidan mahrum etilgan. 13 fevralga o‘tar kechasi u qo‘lga olingan. Olmaota ma’muriy sudi iyeromonaxni giyohvand moddalarni tibbiy maqsadlarsiz iste’mol qilishda aybdor deb topib, 10 sutkalik qamoq jazosini tayinlagan. Keyinroq ruhoniyga giyohvand moddalar iste’mol qilinadigan joyni saqlash hamda giyohvand moddalarni sotish maqsadisiz saqlash haqidagi moddalar bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan, 25 fevral kuni esa tergov sudi uni yana hibsga olgan. Iakov ota o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etgan va ishni soxtalashtirilgan deb atagan.
13 may kuni tergovchi Voronsovga nisbatan ehtiyot chorasini o‘zgartirib, uni ixtisoslashtirilgan psixiatriya muassasasiga joylashtirishni so‘ragan. Advokati G‘alim Nurpeisovning so‘zlariga ko‘ra, himoya tomoni psixiatriya ekspertizasini o‘tkazishdan bosh tortgan, biroq shunga qaramay, Voronsov majburiy davolanishga yuborilgan. Uning psixiatriya shifoxonasidan SIZOga qaytarilgani 13 iyul kuni ma’lum bo‘lgan.
«Shifokorlar unda hech qanday ruhiy buzilishlarni aniqlamadi va sog‘lom insonni aslida yo‘q kasallikdan davolashdan bosh tortishdi», — deya bayonot bergan edi o‘shanda Qozog‘istondagi Inson huquqlari va qonun ustuvorligi byurosi.
Voronsov ishi bo‘yicha tergov yoz oxirida yakunlangan. Bir necha kun oldin G‘alim Nurpeisov himoyasidagi shaxsga yangi ayblov dalolatnomasi topshirilganini ma’lum qildi. Undan giyohvand moddalar iste’mol qilinadigan joyni tashkil etish yoki saqlash (Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 302-moddasi 1-qismi) bo‘yicha ayblov olib tashlangan, sotish maqsadisiz giyohvand moddalarni qonunga xilof ravishda saqlashga oid modda esa qoldirilgan.



