O‘zbekiston noyob tarixiy shaharlarni muhofaza qilish uchun ilg‘or HIA tizimini joriy etadi

Toshkentdagi turar joy binolaridagi noyob mozaikalar. Gazeta.uz sayti fotosurati

O‘zbekiston hukumati mamlakatning tarixiy shaharlari — Buxoro, Samarqand, Xiva, Shahrisabz va Toshkentni muhofaza qilish uchun prinsipial jihatdan yangi Heritage Impact Assessment (HIA — madaniy meros obyektlariga ta’sirni baholash) tizimini joriy etadi. Kutilishicha, HIA qurilish va infratuzilma jadal rivojlanayotgan sharoitda madaniy yodgorliklarning o‘ziga xosligini saqlab qolish imkonini beradi. Ushbu va boshqa tashabbuslar 10 sentyabr kuni mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilindi, deya xabar berаdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Tegishli idoralar vakillari O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosini asrab-avaylashga qaratilgan qator loyihalar haqida ma’lumot berdilar. Jumladan, madaniy merosning yagona raqamli platformasini, obyektlarning raqamli egizaklarini, Heritage Open Data tizimini, shuningdek, madaniy meros bo‘yicha situatsion markazni tashkil etish taklif etilmoqda. Bu markaz IoT-sensorlar, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari, videotahlil va sun’iy intellekt vositalaridan foydalangan holda monitoring olib borish imkonini beradi. 2030 yilga qadar barcha madaniy meros obyektlarini raqamlashtirish rejalashtirilgan.

Turistlar oqimini boshqarishga mo‘ljallangan Visitor Management tizimini joriy etish g‘oyasi ham muhokama qilindi. Shuningdek, raqamli chiptalardan foydalanishni kengaytirish, tashrif buyuruvchilar oqimini prognoz qilish jarayonini takomillashtirish va zarurat tug‘ilganda ayrim obyektlarga tashrif buyurish uchun limitlar joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, an’anaviy usullar va zamonaviy texnologiyalarni uyg‘unlashtirgan ixtisoslashtirilgan mozaika markazini tashkil etish taklif qilindi. Markazning asosiy vazifasi Toshkent mozaika maktabini asrab qolish va monumental san’atning ushbu yo‘nalishi bo‘yicha yangi mutaxassislarni tayyorlashdan iborat bo‘ladi.

«Ichan-Qal’a» muzey-qo‘riqxonasi hududida «Olloqulixon karvon saroyi» savdo markazini tashkil etish masalasi ko‘tarildi. Hozirda majmua hududida do‘konlar va sovg‘alar sotiladigan rastalarning tartibsiz joylashtirilishi uning vizual yaxlitligini buzmoqda va sayyohlar uchun noqulayliklar tug‘dirmoqda.

Mamlakat prezidenti huzurida madaniy boyliklarni repatriatsiya qilish bo‘yicha komissiya tashkil etiladi. Uning asosiy vazifasi O‘zbekistonga noyob tarixiy yodgorliklar, kamyob qo‘lyozmalar, boshqa artefaktlar va san’at asarlarini qaytarishdan iborat bo‘ladi.

Shuningdek, Samarqanddagi Bibi-Xonim majmuasini Aga Khan Trust for Culture bilan hamkorlikda restavratsiya qilish rejalashtirilmoqda. Loyiha obyektda arxitektura konservatsiyasi, ilmiy tadqiqotlar va restavratsiya ishlarini boshqarish bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy etishni nazarda tutadi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda tarixiy yodgorliklarni restavratsiya qilish uchun davlat budjetidan 466 milliard so‘mdan (39,5 million dollar) ortiq mablag‘ ajratilgan. 55 ta obyektdagi loyihalar yakunlangan, 152 tasida ishlar davom etmoqda. Bunday inshootlarni qisqa muddatli ijaraga berish minglab tadbirkorlarni ushbu jarayonga jalb qilish imkonini bergan. Masalan, o‘tgan yili 52 ta obyektga mahalliy va xorijiy investorlar tomonidan qariyb 153 milliard so‘m (13 million dollar) investitsiya kiritilgan.

YUNЕSKO yo‘nalishida erishilgan natijalar alohida qayd etildi. Butunjahon merosi qo‘mitasining 48-sessiyasida O‘zbekistonning “Toshkentning modernizm me’morchiligi: Markaziy Osiyo zamonaviyligi va an’analari” milliy nominatsiyasi Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi. Nominatsiya tarkibiga Toshkent shahridagi 10 ta muhim obyekt kiritildi.

Endi «Zomin tog‘lari» nomli yangi nominatsiya tayyorlandi. Ushbu hudud davlat qo‘riqxonasi va milliy tabiat bog‘ini o‘z ichiga olib, qimmatli archazorlar hamda noyob hayvonlar va qushlar yashash joylariga ega bo‘lgan yagona tog‘ majmuasini tashkil etadi. O‘zbekiston hukumati ushbu obyektni ham YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritish ustida ish olib bormoqda.