Serbiya prezidenti: O‘zbekiston ikkinchi AESni Xitoy bilan hamkorlikda quradi

Aleksandr Vuchich (o‘ngdan ikkinchi), Shavkat Mirziyoyev va boshqa rasmiylar. kurir.rs sayti fotosurati

O‘zbekiston ikkinchi atom elektr stansiyasini xitoylik hamkorlar bilan birgalikda quradi. Bu haqda Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich 8 sentyabr kuni Belgradda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida o‘tkazilgan biznes-forumda so‘zga chiqib ma’lum qildi.

«Bugun ertalab Mirziyoyev bilan yakkama-yakka uchrashuvda undan so‘radim. Shunda u menga: “Birinchi atom stansiyasini ruslar bilan birgalikda qurayapman, ikkinchi stansiyani xitoyliklar bilan qurayapman, ammo bu menga yetarli emas. Bularni yakunlashimdan oldin yana qurilish ishlarini davom ettiraman. Ishlashda davom etaman”, — dedi», — deyiladi Vuchich nutqining Kurir.rs nashri tomonidan e’lon qilingan stenogrammasida.

Shu tariqa, Xitoy O‘zbekistondagi ikkinchi AES qurilishida ishtirok etuvchi tomon sifatida birinchi marta tilga olindi. Respublikada yana bir atom elektr stansiyasi qurilishi haqida Mirziyoyev avgust oyining o‘rtalarida ma’lum qilgan edi, biroq qaysi davlat hamkor bo‘lishini ochiqlamagandi.

O‘zbekistonning energetika strategiyasi haqida gapirar ekan, Vuchich Mirziyoyev mamlakatning kelajakdagi energetika quvvatlariga bo‘lgan ehtiyojini oldindan baholayotganini ta’kidladi. Bunda data-markazlar, sun’iy intellekt tizimlari, innovatsiyalar va elektromobillarning rivojlanishi hisobga olinmoqda. Serbiya prezidenti O‘zbekiston rahbariyatining elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga yondashuvini yuqori baholab, Yevropa davlatlari ham elektr energiyasiga bo‘lajak talabni hisobga olishi zarurligini ta’kidladi.

O‘zbekiston birinchi atom loyihasini Rossiya bilan hamkorlikda Jizzax viloyatining Forish tumanida amalga oshirmoqda. AES har biri 1 GVt quvvatga ega ikkita VVER-1000 reaktori hamda har biri 55 MVt quvvatga ega ikkita RITM-200N kichik modulli reaktordan iborat bo‘ladi. Birinchi kichik reaktorni texnik ishga tushirish 2029 yil oktyabr–noyabr oylarida, ikkinchisini esa olti oydan keyin amalga oshirilishi kutilmoqda. Birinchi yirik energoblokni 2033 yilda ishga tushirish, stansiya qurilishini esa 2034–2035 yillarda to‘liq yakunlash rejalashtirilgan. Birinchi AESning umumiy quvvati 2110 MVtni tashkil etadi, yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 17 mlrd kVt·soatga yetishi mumkin. Loyihaning bazaviy qiymati taxminan 9,5 mlrd dollarga baholanmoqda.

Ikkinchi atom loyihasining rasmiy parametrlari — quvvati, qurilish joyi, muddatlari va qiymati — hozircha oshkor qilinmagan.

  • Nima uchun Oʻzbеkiston yana bir bor gaz taqchilligiga duch kеlgani va yana bir bor yoqilgʻi quyish shoxobchalari faoliyatini chеklagani haqida

  • Yaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi

  • Markaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor

  • Ilhоm Aliyev Markaziy Osiyo uchun begona emas