Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari yakunlari Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘rtasida bahsga sabab bo‘ldi

Qirg‘iziston va Qozog‘iston terma jamoalari o‘rtasidagi ko‘k-bo‘ru musobaqasi. Tashkilotchilar fotosurati

Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan VI Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari yakunlanganidan so‘ng medallar jadvali g‘olibi masalasida bahs yuzaga keldi. Qirg‘iziston va Qozog‘iston yakunlar bo‘yicha turlicha natijalarni taqdim etib, har ikki davlat ham o‘zini birinchi o‘ringa qo‘ydi. Kelishmovchiliklar fonida tashkilotchilar tomonidan e’lon qilingan umumiy jadval qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazish uchun olib tashlandi.

Qirg‘iziston Jismoniy tarbiya va sport davlat agentligi versiyasiga ko‘ra, o‘yinlar mezboni 72 ta medal — 30 ta oltin, 29 ta kumush va 13 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, birinchi o‘rinni egallagan. Qozog‘iston sportchilari 64 ta medal, jumladan 29 ta oltin, 16 ta kumush va 19 ta bronza medalini olgan. Rossiya uchinchi o‘rinni egallagan.

Qozog‘istonda esa boshqacha hisob-kitob taqdim etildi. Respublika Turizm va sport vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, qozog‘istonlik sportchilar 74 ta medal — 32 ta oltin, 20 ta kumush va 22 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan va aynan Qozog‘iston birinchi o‘rinda bo‘lishi kerak. Qozog‘iston tomoni Qirg‘iziston hisobida 84 ta medalni qayd etgan: 30 ta oltin, 35 ta kumush va 19 ta bronza.

Tafovutlar faqat g‘oliblikka da’vogar bo‘lgan ikki davlatgagina taalluqli bo‘lmadi. Masalan, Qozog‘iston variantida Rossiyada 36 ta medal — yettita oltin, sakkizta kumush va 21 ta bronza, O‘zbekistonda esa 19 ta medal, jumladan to‘rtta oltin medal qayd etilgan. Tashkilotchilarning dastlabki jadvalida raqamlar boshqacha edi.

Bahslar boshlanganidan so‘ng O‘yinlarning internet-resurslaridan umumiy medallar jadvali olib tashlandi. Ayni paytda qirg‘iz tomoni mamlakatlarning rasmiy umumjamoa hisobidagi natijasi Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari konsepsiyasida umuman nazarda tutilmaganini ma’lum qildi. Ularning ta’kidlashicha, musobaqalar, avvalo, an’anaviy sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirishga qaratilgan.

Bu izoh avvalgi O‘yinlar fonida e’tiborli ko‘rinadi. 2024 yilda Ostonada o‘tkazilgan V Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlarida musobaqaning rasmiy sayti to‘liq medallar jadvalini e’lon qilgan edi. Unda 112 ta medal — 43 ta oltin, 32 ta kumush va 37 ta bronza medali bilan Qozog‘iston g‘olib bo‘lgan. Qirg‘iziston ikkinchi o‘rinni egallagan — 19 ta oltin, 21 ta kumush va 25 ta bronza medali. Rossiya uchinchi, O‘zbekiston esa to‘rtinchi o‘rinda bo‘lgan.

VI Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari Qirg‘izistonda 31 avgustdan 6 sentyabrga qadar davom etdi. Qirg‘izistonlik tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, musobaqalarda 109 davlatdan 3 mingdan ortiq sportchi ishtirok etgan. Asosiy sport va madaniy tadbirlar Issiqko‘lda o‘tkazildi.

O‘yinlar 31 avgust kuni Bishkekda boshlandi. Tantanali ochilish marosimi 51 mingdan ortiq tomoshabin sig‘imiga ega yangi «Bishkek Arena» stadionida bo‘lib o‘tdi. Marosimda qariyb 30 ming kishi ishtirok etdi, sportchilar paradida esa yuzdan ortiq davlat vakillari qatnashdi. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov O‘yinlarni ochiq deb e’lon qildi.

Shu bilan birga, arenaning o‘zi bilan bog‘liq g‘ayrioddiy vaziyat yuzaga keldi. 31 avgust kuni yangi stadionda eng yirik xalqaro tadbir o‘tkazilganiga qaramay, «Bishkek Arena»ning rasmiy ochilish marosimi 5 oktyabrga belgilangan.

Marosimdan so‘ng asosiy tadbirlar Issiqko‘l viloyati — Cho‘lpon-Ota va Qirchin darasiga ko‘chirildi.

Sport dasturi 40 dan ortiq tur va yo‘nalishni qamrab oldi. Ishtirokchilar ko‘k-bo‘ru va ko‘kpar, ot poygalari, uzoq masofaga ot marafoni va er-enish, shuningdek, milliy kurashning turli yo‘nalishlarida — olish, qozoq kurashi, xapsagay va kurash bo‘yicha bellashdilar.

Shuningdek, an’anaviy kamondan o‘q otish, jumladan ot ustida kamondan o‘q uzish, salbuurun, armrestling, mas-restling, strongmen va arqon tortish musobaqalari o‘tkazildi. Dasturga tog‘uz-qo‘rg‘ool, mangala va ovari kabi aqliy o‘yinlar ham kiritildi.

O‘yinlarning asosiy voqealaridan biri ko‘k-bo‘ru va ko‘kpar bo‘yicha turnirlar bo‘ldi. Ularning finallarida Qirg‘iziston va Qozog‘iston terma jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Har ikki holatda ham mezbonlar g‘alaba qozondi. Ko‘k-bo‘ruda Qirg‘iziston raqibini 12:0 hisobida yirik g‘alaba bilan mag‘lub etgan bo‘lsa, ko‘kparda 7:2 hisobida ustun keldi. Rossiya har ikki yo‘nalishda ham uchinchi o‘rinni egalladi.

Biroq, final musobaqalari nafaqat natijalari bilan yodda qoldi. Hal qiluvchi uchrashuvlarga barcha chiptalar oldindan sotib bo‘lingan edi va dastlab tashkilotchilar arenaga faqat chipta egalari kiritilishini ma’lum qildi. Ammo ko‘k-bo‘ru finali oldidan Sadir Japarov chiptasi bo‘lmagan tomoshabinlarni ham kiritishga ko‘rsatma berdi. Shundan so‘ng tribunalarda katta tirbandlik yuzaga keldi: joylar tezda to‘lib ketdi, ayrim chipta sotib olgan muxlislar esa o‘z joylariga kira olmayotganidan shikoyat qilishdi.

Yakunda tashkiliy qo‘mita arenaga kira olmagan yoki chiptada ko‘rsatilgan joylarini egallay olmagan tomoshabinlarga pulni qaytarishga va’da berdi. Chipta narxi 1 ming som ($11,4)ni tashkil etgan. Madaniyat vaziri Mirbek Mambetaliyev ma’lumotlariga ko‘ra, 4,5 ming tomoshabin elektron validatsiyadan o‘tgan, yana 2,5 ming chipta esa validatsiya qilinmagan. Pulni qaytarish uchun elektron chipta va to‘lovni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish talab etiladi.

Cho‘lpon-Otadagi yangi «Ko‘k Bo‘ru» arenasiga ham e’tirozlar bildirildi. Qozog‘istonning ko‘kpar bo‘yicha terma jamoasi kapitani Qurmanbek Turganbek finaldan so‘ng maydon holati va chiziqlarning yaxshi ko‘rinmasligidan shikoyat qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yuqori tezlikda harakatlanayotgan o‘yinchilar uchun uloqni olib borish kerak bo‘lgan doirani ko‘rish qiyin bo‘lgan.

O‘yinlarga xizmat ko‘rsatgan ayrim tadbirkorlar ham muammolarga duch kelishgan. Fud-zonalarda ishlagan tadbirkorlar, ayniqsa Qirchin va ippodromda suv hamda elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng ular uchun ijara haqiga chegirmalar berish imkoniyati ko‘rib chiqila boshlandi. Fud-zonalar operatori bilan tuzilgan shartnomaning umumiy qiymati 25 mln som ($286 ming)ni tashkil etgan.

Medallar hisobi atrofida amaldorlar o‘rtasida bahslar davom etayotgan bir paytda qirg‘izistonlik kurashchi Uzaq Temirbek uuluning qilgan ishi ham e’tiborni tortdi. U g‘alabadan so‘ng oltin medalini kumush medal sohibi bo‘lgan va ushbu turnir uning faoliyatidagi so‘nggi musobaqa bo‘lgan raqibiga berdi.

Keyingi, VII Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarini 2028 yilda Tatarstanda o‘tkazish rejalashtirilgan.