Toshkentdagi sobiq elektr stansiyasi binosida O‘zbekiston Zamonaviy san’at markazi ochiladi

ccat.uz sayti fotosurati

Toshkentda 1912 yilda qurilgan sobiq dizel elektr stansiyasi binosida O‘zbekiston Zamonaviy san’at markazining (Centre of Contemporary Arts, CCA Tashkent) doimiy maydoni ochiladi. Madaniy maskan 6 sentyabrdan o‘z faoliyatini boshlaydi, deyiladi tashkilot saytida.

Qayd etilishicha, CCA Tashkent — madaniy muassasa, uchrashuvlar maskani va jonli ijodiy muhit hisoblanadi. Bino shahar va mintaqadagi san’atning barcha shakllari uchun o‘z makoni bo‘lishi kerak, degan g‘oyaga asoslangan birinchi shu kabi loyiha bo‘ladi.

Bu yerda turli ko‘rgazmalar, performanslar, film namoyishlari, konsertlar, shuningdek, dizayn, adabiyot va san’atning boshqa yo‘nalishlari vakillari bilan muloqotlar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Markaz hududida kutubxona, restoran va konsept-stor joylashadi. Ijodiy makon haftasiga olti kun ochiq bo‘ladi.

Markaz O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi loyihasi hisoblanadi. Ushbu tashkilot raisi Gayane Umerova CCA Tashkent markazining ochilishini respublika madaniy infratuzilmasini rivojlantirish va zamonaviy san’atning barqaror ekotizimini yaratish bo‘yicha uzoq muddatli maqsadlarni amalga oshirishda muhim bosqich deb atadi.

«Biz nafaqat zamonaviy san’atni namoyish etadigan, balki ta’lim, tadqiqotlar va xalqaro hamkorlik orqali uning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydigan muassasa yaratishga intilayapmiz», — dedi Umerova.

Sobiq elektr stansiyasi binosini rekonstruksiya qilish ishlarini Parijdagi Studio KO arxitektura byurosi mutaxassislari amalga oshirdi. Yangilangan markaz konsepsiyasi o‘tgan yil oktyabr oyida Fransiya poytaxtidagi Art Basel xalqaro yarmarkasida taqdim etilgan.

6 oktyabr kuni CCA Tashkent markazida Hikmah ko‘rgazmasi ochiladi. Nomi arab tilida «hikmat» ma’nosini anglatuvchi ushbu ekspozitsiya an’ana, moddiy madaniyat va zamonaviy badiiy amaliyotlar o‘rtasidagi mushtarak jihatlarni namoyon etadi. Tashrif buyuruvchilar Saudiya Arabistoni, Fransiya, Germaniya, AQSH, Janubiy Koreya va O‘zbekiston rassomlarining asarlari bilan tanishishi mumkin.

Bundan tashqari, ochilish kuni va undan bir kun oldin film namoyishlari va mahorat darslaridan tortib performanslar va she’rxonlik kabi qator tadbirlar o‘tkaziladi.

Shu bilan birga, Toshkent zamonaviy san’at markazi respublika bo‘ylab o‘z faoliyatini kengaytirmoqda. Gap sentyabr oyida ish boshlaydigan Samarqanddagi yangi maydon haqida bormoqda. Agar poytaxtdagi dastur asosan yangi badiiy asarlar yaratishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, Samarqanddagi maskan tadqiqotlar, fanlararo almashinuv va shaharning tarixiy hamda madaniy merosini o‘rganishga e’tibor qaratadi.