Qozog‘iston KQK orqali yetkazib berishlar to‘xtatilgani ortidan neft qazib olishni qisqartirdi

magnific.com sayti fotosurati

Qozog‘iston 22 iyul kuni Kaspiy quvurlar konsorsiumi (KQK) Qora dengizdagi terminali orqali eksport uchun neft qabul qilishni to‘xtatganidan so‘ng neft va gaz kondensati qazib olish hajmini qisqartirdi. Bu haqda Reuters agentligi sohadagi ikki manbasiga tayanib xabar berdi.

Agentlik suhbatdoshlaridan biri, tezkor statistika bilan tanish manbaga ko‘ra, 22 iyul kuni Qozog‘istonda neft va gaz kondensatining sutkalik qazib olish hajmi 215,6 ming tonnaga (taxminan 1,63 million barrel) tushgan. Bu oy boshidan buyon kuzatilgan o‘rtacha 274 ming tonna (2,07 million barrel) ko‘rsatkichidan ancha kam.

Eng katta pasayish mamlakatning eng yirik Tengiz konida qayd etilgan. Reuters manbasiga ko‘ra, u yerda sutkalik neft qazib olish hajmi avvalgi 925 ming barreldan 406 ming barrelgacha tushgan.

Qozog‘iston Energetika vazirligi hamda Tengiz koni operatori — «Tengizshevroyl» kompaniyasi hozircha Reuters tarqatgan ma’lumotlarga izoh bermagan.

Neft-gaz sohasi eksperti Oljas Baydildinov o‘zining Telegram-kanalida bu sutkasiga qazib olish hajmining 20 foizga qisqarishi ekanini ta’kidlab, bu «neft sohasi va davlat budjeti uchun har kuni 32 million dollarlik yo‘qotish»ni anglatishini qayd etdi.

Kaspiy quvurlar konsorsiumi (KQK) Qozog‘iston nefti uchun asosiy eksport yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda. Ushbu quvur orqali Tengiz, Qashag‘an va Qorachig‘anoq konlaridan olingan neft tashiladi. Keyinchalik xom ashyo Novorossiysk yaqinidagi Janubiy Ozereyevka hududida joylashgan KQK dengiz terminali orqali tankerlarga yuklanadi.

21 iyul kuni Qozog‘iston neft tankerlariga qilingan qator dron hujumlaridan so‘ng KQK dengiz terminali yo‘nalishida xom ashyo yetkazib berishni vaqtincha to‘xtatdi. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, cheklovlar kamida joriy hafta oxirigacha amal qiladi.

KQK aksiyadorlari qatoriga Rossiya (31 foiz), Qozog‘iston (20,75 foiz), Chevron (15 foiz) hamda qator xususiy kompaniyalar kiradi.