Germaniya Prezidenti Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Frank-Valter Shtaynmayer Islom sivilizatsiyasi markazida. ITSM fotosurati

Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer va uning rafiqasi Elke Byudenbender O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar. Bu haqda Markaz matbuot xizmati xabar berdi.

Oliy martabali mehmonlarni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov hamda Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxalikov kutib oldi.

Tashrif davomida Federal Prezident va uning rafiqasi Markazning asosiy muzey ekspozitsiyalari hamda 550 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy anjumanlar zali bilan tanishdi. Mehmonlarga Qur’oni karim zali, Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari, Birinchi va Ikkinchi Renessans, O‘zbek xonliklari, XX asr tarixi hamda “Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans” ekspozitsiyalari orqali O‘zbekistonning boy tarixiy-ma’rifiy merosi uzviy tarzda namoyon etilayotgani haqida ma’lumot berildi.

Oliy martabali mehmon ekspozitsiyalar bilan tanishish jarayonida har bir bo‘lim mazmuniga alohida qiziqish bildirdi. Ayniqsa, islomdan avvalgi davrga oid asl tarixiy ashyolar, qadimiy madaniy qatlamlarning ilmiy asosda ochib berilishi hamda tarixiy merosning zamonaviy raqamli texnologiyalar orqali namoyish etilishi unda katta taassurot qoldirdi.

Shtaynmayer O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifdan olgan taassurotlari haqida so‘z yuritarkan, uni muhim ilmiy maydon deb atadi.

«Islom sivilizatsiyasi markazi haqiqatan ham ilmiy markaz bo‘lib, Markaziy Osiyoning islomgacha bo‘lgan davri va islom sivilizatsiyasi tarixini juda ta’sirchan tarzda namoyon etadi. Biz bu yerda O‘zbekistonning boy madaniyati, ko‘p asrlik tarixi va sivilizatsion merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldik», — dedi Germaniya prezidenti.

U shuningdek, O‘zbekistonning Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi bog‘lovchi ko‘prik sifatidagi muhim o‘rnini ham alohida ta’kidladi.

«Shuningdek, Germaniya nuqtayi nazaridan bu mintaqa Yevropa va Osiyoning keng hududlari o‘rtasidagi o‘ziga xos ko‘prikdir. O‘zbekiston esa Markaziy Osiyoda ushbu ko‘prik vazifasini o‘z taraqqiyot yo‘li va siyosatida doimo namoyon etib kelgan davlatlardan biridir», — dedi Germaniya Federativ Respublikasi Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer.

Frank-Valter Shtaynmayer Islom sivilizatsiyasi markaziga O‘zbekistonga 2026 yil 17–18 iyun kunlari amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida keldi. Tashrif o‘zbek-nemis hamkorligini rivojlantirishga bag‘ishlangan bo‘lib, siyosiy muloqot, iqtisodiy aloqalar, sanoat kooperatsiyasi, ta’lim hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni qamrab oldi.

Germaniya Federal Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarni alohida qayd etib, so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar izchil mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar siyosiy muloqot, iqtisodiy hamkorlik, biznes va madaniy almashinuv uchun yangi imkoniyatlarni ochmoqda.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 460 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.