«Tolibon» radikal harakatining* oliy yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda guruh a'zolari va hukumat amaldorlariga smartfonlardan foydalanishni taqiqlovchi farmonni imzoladi. Qoidabuzarlar harbiy sudga tortiladi, deb xabar beradi Afghanistan International nashri hujjatga tayanib.
Toliblar va hukumat amaldorlari bir-biri bilan aloqa qilish uchun faqat «oddiy telefonlar»dan foydalanishlari kerak bo'ladi. Smartfonlardan foydalanganligi aniqlangan har bir kishi jinoyatchi deb e'lon qilinadi va harbiy sud tomonidan javobgarlikka tortiladi. Biroq, taqiqni buzganlar uchun qanday jazo qo'llanishi ochiqlanmagan.
Yangi farmonning maqsadi «Tolibon» a'zolari va hukumat amaldorlarining internetdan noto'g'ri foydalanishi va «axloqsiz kontent»larni ko'rishining oldini olishdir.
Oxundzoda imzolagan hujjat politsiya qo'mondonlari va razvedka xizmatlari rahbarlari qo'liga yetib borgan. Harbiy sud mulozimlariga ham ko'rsatmaga to'liq rioya qilinishini ta'minlash va tegishli kafolatlar berish topshirilgan. Shu munosabat bilan, kuzatuv ostidagi har bir shaxsning ismi, lavozimi, xizmat joyi va mobil telefon raqami ko'rsatilgan maxsus kuzatuv ro'yxati tuzilgan.
Yuqori lavozimli amaldorlar endi o'z qo'l ostidagi xodimlarning smartfonlardan foydalanmasliklarini nazorat qilishga mas'ul bo'ladilar.
Ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, bir necha kun oldin toliblarning Ta'lim vazirligi tomonidan alohida buyruq chiqarilgan bo'lib, unga ko'ra oddiy maktablar va diniy muassasalar o'quvchilariga maktabga smartfon olib kirish taqiqlangan
So'z o'rnida, Oxundzoda 2025 yili afg'onlarni zamonaviy gadjetlardan foydalanish vaqtini qisqartirishga chaqirgan edi. Shu bilan birga, mamlakat Oliy ta'lim vaziri Nida Muhammad Nadim hatto smartfonlarni «musulmonlarning asosiy dushmanlaridan biri» deb atagan edi. O'tgan yil oktyabrь oyida amaldor zamonaviy aloqa vositalarini universitetga olib kirish taqiqlanganini, istisno faqat universitet rektorlari va ta'lim markazlari rahbarlari uchun bo'lishini ta'kidlashgandi.
Hozirda Afg'onistonni boshqarayotgan toliblar vaqti-vaqti bilan diniy normalarga zid deb hisoblagan har qanday harakatlarga cheklovlar qo'yadi. Masalan, 2024 yili ular ommaviy axborot vositalarida tirik mavjudotlar tasvirlarini ko'rsatishni taqiqlay boshlagandilar. O'tgan yili esa radikal harakat yetakchisi bir qator an'anaviy to'y marosimlarini «shariatga zid» va oilalar uchun moliyaviy jihatdan og'ir deb topib, taqiqlovchi farmonni chiqargandi.
*Ko'pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.



