Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov mamlakatni tamakisiz hududga aylantirish bo'yicha 2026-2030 yillarga mo'ljallangan Milliy dasturni tasdiqladi. Bu haqda TDX xabar berdi.
Dasturni amalga oshirish bo'yicha harakatlar rejasi ham imzolandi va vazirliklar, agentliklar va viloyat ma'muriyatlariga, shuningdek, Ashxobod va Arkadag shaharlariga uning amalga oshirilishini ta'minlash topshirildi.
Dastur «aholi ma'naviy va jismoniy salomatligini ta'minlash, tamaki iste'moliga qarshi kurashish, fuqarolarning sog'lig'i va farovonligini sezilarli darajada yaxshilash va umr ko'rish davomiyligini oshirish maqsadida» tasdiqlandi.
Shunday qilib, Turkmanistonni tamakisiz mamlakatga aylantirish maqsadi besh yilga kechiktirildi. Oldingi dastur 2017 yili 2025 yilga kelib tamaki iste'molini butunlay yo'q qilish maqsadi bilan qabul qilingan edi.
Turkmaniston rasmiylari 2011 yildan beri tamaki iste'moliga qarshi kurashib keladi. O'shanda mamlakat tamaki mahsulotlariga aktsiz solig'ini keskin oshirgandi va ikki yildan so'ng jamoat joylarida chekish taqiqlangandi.
2016 yil yanvar oyida o'sha paytdagi prezident Gurbanguli Berdimuhamedov Sog'lom jamiyatni himoya qilish xizmati ishidan juda noroziligini bildirgandi va chekishni yo'q qilish uchun shoshilinch choralar ko'rishni talab qilgandi. Shundan so'ng darhol sigaretalar sotuvdan deyarli yo'q bo'lib ketdi va narxlar bir quti uchun 13 dollargacha ko'tarilgandi.
2016 yil bahoridan beri mamlakatda sigaret importi bo'yicha davlat monopoliyasi mavjud bo'lib, do'konlarda muntazam ravishda taqchillik yuzaga keladi. Qo'shni mamlakatlardan sigaret olib kelish ham to'xtatilmoqda. Noqonuniy sigaret sotuvchilariga eng kam ish haqining 10 baravari miqdorida jarima solingan (o'sha paytda 5900 manat yoki 1680 dollar).
Natijada, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma'lumotlariga ko'ra, 2017 yilda Turkmaniston aholisining 8 foizi chekkan bo'lsa, 2018 yilga kelib chekuvchilar soni 3,4% ga kamaygan, bu dunyodagi eng past ko'rsatkichdir. Shu bilan birga, aholining aksariyati rasman noqonuniy, lekin qora bozorda topish qiyin bo'lmagan nosvoyga o'ta boshlagandi.



