Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlovchi rezolyutsiya loyihasini ko‘pchilik ovoz bilan qabul qildi. Biroq, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari betaraf bo‘ldi, Turkmaniston esa umuman ovoz berishda ishtirok etmadi, deyiladi BMT Yangiliklar xizmatining X ijtimoiy tarmoq akkauntida joylashtirgan ma'lumotida.
Natijada BMTning «Ukrainada uzoq muddatli tinchlikni saqlash» deb nomlanuvchi hujjatini 107 mamlakat qo‘llab-quvvatladi. 12 mamlakat qarshi ovoz berdi (Rossiya, Belarusь, Kuba, Nikaragua, Eron, Shimoliy Koreya va bir qator Afrika mamlakatlari). Yana 51 mamlakat, jumladan, Markaziy Osiyo respublikalari betaraf qoldi.
Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga yordam ko‘rsatayotgani va mojaro tomonlarini harbiy harakatlarni to‘xtatishga faol chaqirayotgani, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralarda vositachi sifatida ishtirok etayotganiga qaramay betaraf qolgan mamlakatlar qatorida bo‘ldi.
Rezolyutsiya bo‘yicha ovoz berish yig‘ilishi Daniya, Latviya, Gretsiya, Buyuk Britaniya va Frantsiya ko‘magida Ukraina tomonidan ilgari surildi. Bu Rossiyaning qo‘shni davlat hududida мaxsus harbiy оperatsiya (MHO) boshlanganining to‘rt yilligiga to‘g‘ri keldi.
Hujjatda aytilishicha, BMT Bosh Assambleyasi Ukrainaning xalqaro miqyosda tan olingan chegaralari, jumladan, hududiy suvlari doirasida suvereniteti, mustaqilligi, birligi va hududiy yaxlitligiga qat'iy sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi. Rezolyutsiya mualliflari Qo‘shma Shtatlar va Yevropa davlatlarining harbiy qarama-qarshilikni tugatishga qaratilgan sa'y-harakatlarini olqishlaydilar.
Rezolyutsiyada shuningdek, Ukraina va Rossiya o‘rtasida zudlik bilan, to‘liq va shartsiz sulh tuzish; xalqaro huquqqa muvofiq uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish; harbiy asirlarni to‘liq almashtirish va noqonuniy hibsga olingan shaxslarni ozod qilish; va majburan ko‘chirilgan yoki deportatsiya qilingan fuqarolarni, shu jumladan bolalarni qaytarish chaqiriqlari yana bir bor ta'kidlangan.



