Turkmaniston prezidenti 8 mart munosabati bilan xotin-qizlarga 60 manatdan tarqatishni buyurdi

Turkmanistonda sovg‘ani ko‘zga surtish hurmat hisoblanadi. hronikatm.com sayti fotosurati

Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mamlakatdagi ayollarga 60 manat (qora bozor kursi bo‘yicha 3 dollar) tarqatishni buyurdi. Bu haqda TDX nashri xabar berdi.

Shu tariqa rasmiylar «mamlakat farovonligi yo‘lida islohotlarni amalga oshirishda, Vatanga sodiq sog‘lom va jo‘shqin avlodni tarbiyalashda, qudratli davlatning yangi Uyg‘onish davrida ajdodlarning sevimli onalari va aziz opa-singillari kabi olijanob an'analarni davom ettirishdagi ayollarimizning ulkan hissasini» e'tirof etdilar.

2-martdan 6-martgacha quyidagi ayollarga pul mukofotlari tarqatiladi:

▪️ mulkchilik shaklidan qat'i nazar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda ishlaydigan;

▪️ pensiya va davlat nafaqalarini oladigan;

▪️ ishdan bo‘shatilgan holda aspiranturada, doktoranturada yoki klinik ordinaturada o‘qiyotgan;

▪️ Turkmaniston prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida kamida ikki yil davomida kurslarda o‘qiyotgan;

▪️ maktab va universitetlarda tahsil olayotgan;

▪️ maktabgacha ta'lim muassasalariga ishlayotgan ayollarga.

Turkmanistonda ketma-ket yettinchi yil 8-mart sharafiga har bir ayolga 60 manatdan berilmoqda, garchi mamlakatda oziq-ovqat va boshqa tovarlar narxi 2019 yildan beri sezilarli darajada oshgan bo‘lsa ham. Masalan, 2019 yili mart oyida mol go‘shti kilogrammi 22 manatdan sotilgan, 2026 yil yanvariga kelib bu narx 110 manatga ko‘tarilgan. Mahalliy olmalarning bir kilosi 6 dan 26 manatgacha oshgan.

2019 yilgacha 8 mart uchun prezident sovg‘asi 40 manat (rasmiy kurs bo‘yicha 11,4 dollar) bo‘lgan.

Turkmanistonda eng kam ish haqi 2019 yili 790 manatni, 2025 yili 1410 manatni tashkil etgan. 2026 yili ish haqi oshirilmagan. 2025 yil sentyabr oyida bir oqsoqol «mamlakat aholisining ijtimoiy va turmush sharoiti yuqori darajaga yetgani sababli» to‘lovlarning oshishini to‘xtatishga chaqirgandi.

Manatning rasmiy kursi 2015 yildan beri o‘zgarishsiz qolgan: bir dollar uchun 3,5 manat. Bugungi kunda real yoki qora bozor kursi bo‘yicha 1 dollar 19,5 manatni tashkil etadi. Bu shuni anglatadiki, hukumatning naqd pul sovg‘asi rasmiy kurs bo‘yicha 17 dollar emas, balki atigi 3 dollarga teng.