AQSh Rossiya xakerlari bilan aloqador O‘zbekiston fuqarosini sanktsiyalar ro‘yxatiga kiritdi

AQSh G‘aznachilik departamentining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) O‘zbekiston fuqarosi Azizjon Mamashoyevga nisbatan sanktsiya joriy etdi. AQSh rasmiylariga ko‘ra, u rossiyalik xakerlar bilan aloqadorlikda va kiberxavfsizlik jinoyatlarida gumon qilinmoqda. Sanktsiyalar ro‘yxati yangilanganiga oid press-reliz OFAC saytiga joylashtirilgan.

AQSh rasmiylari chet el fuqarosining shaxsiy ma'lumotlari, jumladan, pasport ma'lumotlarini taqdim etishgan. Unga ko‘ra, Mamashoyev 1987 yilda tug‘ilgan va bitta mamlakat fuqaroligiga ega — O‘zbekiston.

Yuqorida tilga olingan O‘zbekiston fuqarosi bilan bog‘liq Advance Security Solutions (Advanced Security Solutions) kompaniyasi ham SDN ro‘yxatiga kiritilgan. OFAC saytiga ko‘ra, kompaniya 2025 yili BAAning Dubay shahrida ro‘yxatdan o‘tgan. Bundan tashqari, Toshkent ham yuridik manzil sifatida ko‘rsatilgan.

Ta'kidlanishicha, kompaniya hujumkor kiberxavfsizlik sohasidagi faoliyati bilan mashhur. Xususan, u Qo‘shma Shtatlarda ishlab chiqilgan dasturiy ta'minotdagi zaifliklar haqidagi ma'lumot uchun mukofotlar taklif qiluvchi eksploitlar (kompьyuter tizimlarini buzish vositalari) vositachisi sifatida ishlaydi.

O‘zbekiston fuqarosi bilan bir qatorda, sanktsiyalar rossiyaliklar Oleg Kucherov, Marina Vasanovich va Sergey Zelenyukga nisbatan ham qo‘llanilgan. Ikkinchisi zararli dasturlardan foydalangan holda AQSh davlat idoralari va tibbiyot muassasalariga kiberhujumlar uyushtirganlikda gumon qilinmoqda. Hujjatga ko‘ra, Mamashoyevni ham qo‘shgan holda, bu shaxslarning barchasi Zelenyuk va uning tashkilotiga moddiy yoki texnik yordam ko‘rsatgan.

Ta'kidlash lozim, SDN ro‘yxati AQSh Moliya vazirligining asosiy qora ro‘yxati hisoblanadi. Unga qattiq cheklovlar joriy etilgan kompaniyalar va shaxslar kiradi. Sanktsiya qo‘yilgan sub'ektlarning aktivlari muzlatilgan va AQSh fuqarolari va korxonalariga ro‘yxatdagilar bilan biznes qilish taqiqlangan.

O‘tgan yil noyabr oyida OFAC O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan Datavice kompaniyasini Rossiyaga qarshi sanktsiyalar ro‘yxatiga qo‘shgani haqida xabar qilgandi. Amerikaliklarning fikriga ko‘ra, mazkur kompaniya Rossiya infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlash yoki kiberjinoyatchilik bilan bog‘liq faoliyatda gumon qilingan.

  • Yaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi

  • Markaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor

  • Toshkentda O‘zbekiston gerbini yaratgan rassom Anvar Mamajonovning grafik asarlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda

  • Toshkentda Chori Shamsning «Turkiy xalqlarning xayoliy mavjudotlari» ko‘rgazmasi ochildi