Qozog‘iston Oliy sudi chechen faoli Mansur Movlayevni Rossiyaga ekstraditsiya qilish to‘g‘risidagi qarorni to‘xtatib qo‘ydi, u yana bir oy hibsda qoladi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati «Kursiv» nashriga ma'lum qildi.
Bir kun oldin BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi Movlayev shikoyatini ro‘yxatga oldi va Qozog‘istonni uni ko‘rib chiqilayotgan vaqtda ekstraditsiya qilmaslikka chaqirdi.
Mansur Movlayev Checheniston rahbari Ramzan Qodirovni qattiq tanqid qilishi va respublikadagi inson huquqlari buzilishi va siyosiy qatag‘onlarga qarshi chiqishi bilan tanilgan. 2020 yili faol Rossiya Jinoyat kodeksining 228-moddasi (u giyohvand moddalar savdosi uchun jazolarni nazarda tutadi) bo‘yicha uch yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Checheniston muxolifati vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bu ish uyushtirilgan.
2022 yili Movlayev shartli ravishda ozod qilingan, ammo tez orada uni o‘g‘irlashgan va Checheniston politsiya bo‘limiga olib ketishgan. U qochib, Qirg‘izistonga hujjatsiz kirishga muvaffaq bo‘lgan, shundan so‘ng Rossiya uni ekstremizmni moliyalashtirishda ayblab, federal qidiruvga bergan.
Qirg‘izistonda Movlayev chegarani noqonuniy kesib o‘tgani uchun qamoq jazosini o‘tagan va rasmiylar uni mamlakatdan deportatsiya qilishga qaror qilishgan, ammo u o‘zi ketishga muvaffaq bo‘lgan.
2025 yil may oyida faol Rossiya iltimosiga binoan Qozog‘istonda hibsga olingan. U 40 kunga qamoqqa olingan, keyinchalik uning hibsda saqlash muddati bir necha bor uzaytirilgan. O‘sha yilning dekabr oyida Qozog‘iston rasmiylari Movlayevga qochqin maqomini berishdan bosh tortdi va bir oy o‘tgach, Bosh prokuratura uni Rossiyaga ekstraditsiya qilishni ma'qulladi.



