Qozog‘iston hukumati Kaspiy dengizi sayozlashuvi sabablarini o‘rganish uchun 2 mln dollardan ortiq mablag‘ ajratdi

Kaspiy dengizining Aqtau shahri tomonidan ko‘rinishi. smart-lab.ru sayti fotosurati

Qozog‘iston hukumati Kaspiy dengizini kompleks o‘rganish va uni asrash, shuningdek, mintaqaning ekologik barqarorligini saqlash uchun 1,1 milliard tenge (2,2 million dollar) ajratdi, deb xabar beradi Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati. Tegishli farmonni Bosh vazir Oljas Bektenov imzolagan. Zahiradan ajratilgan mablag‘larni Qozog‘iston Kaspiy dengizi ilmiy-tadqiqot instituti oladi.

«Moliyalash institutning ilmiy salohiyatini oshirishga hissa qo‘shadi. Mablag‘lar dengiz monitoringi uchun uskunalar sotib olish, shuningdek, gidrobiologik va gidrokimyoviy laboratoriyalarni jihozlash uchun mo‘ljallangan. Bu tadqiqot institutiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri dengizda kompleks monitoringga o‘tish, shu jumladan gidrometeorologik va biologik atrof-muhit parametrlarini tizimli kuzatish va dengizning Qozog‘iston qismidagi jarayonlar bo‘yicha ilmiy asoslangan ma'lumotlar bazasini kengaytirish imkonini beradi», — deyiladi xabarda.

Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligiga qarorni amalga oshirish uchun barcha zarur choralarni ko‘rish, Moliya vazirligiga esa byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanish ustidan qat'iy nazoratni ta'minlash topshirildi.

O‘tgan yil sentyabrь oyida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev BMTminbaridan mamlakatlarni Kaspiy dengizini birgalikda saqlab qolishga chaqirdi va uning maydoni tez sur'atlar bilan sayozlashib borayotganini va bu «nafaqat mintaqaviy muammo, balki global xavotir. signalidir» degandi.

To‘qayev so‘nggi paytlarda xalqaro forumlarda muntazam ravishda Kaspiy dengizi muammosiga e'tibor qaratadi. Qozog‘iston rahbari Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida so‘zlagan nutqida dengizning sayozlashuvi «ekologik falokatga yaqinlashayotganini» ta'kidladi.

Shu munosabat bilan To‘qayev Ostonada ShHT shafeligida Suv tahlili markazini tashkil etishni taklif qildi. Qozog‘iston prezidenti 2026 yil aprel oyida Ostonada BMT bilan hamkorlikda mintaqaviy ekologik sammit o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorini ma'lum qildi.