Qozog‘istonda Rus pravoslav cherkoviga bo‘ysunmaydigan alohida cherkov tashkil etishga urinayotgani uchun bosimga uchrayotganini xabar qilgan RPCh sobiq ruhoniysi Iakov Vorontsov bugun o‘n kunlik ma'muriy qamoq muddatini yakunladi, ammo ozodlikka chiqmadi, deb xabar beradi KazTAG.
Sobiq ruhoniy advokati Galim Nurpeisovning so‘zlariga ko‘ra, uning mijozi 23 fevral kuni ertalab jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida 72 soatga ushlashgan. Tez orada unga nisbatan ushlab turish chorasi belgilanadi. Vorontsov Qozog‘iston Jinoyat kodeksining ikkita moddasi bo‘yicha ayblanmoqda: 302-modda (giyohvand moddalar iste'moli uchun yashirin joy tashkil etish) va 296-modda (sotish niyatisiz giyohvand moddalarni saqlash).
Vorontsov — Rus pravoslav cherkovining Ostona va Olmaota yeparxiyasi sobiq iyeromoni. U Rossiyaning Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyasi va Rus pravoslav cherkovi rahbariyatini tanqid qilganidan so‘ng diniy unvonidan mahrum bo‘lgan va lavozimidan chetlashtirilgan.
Sobiq ruhoniy 13 fevral kuni Olmaotada politsiya va maxsus kuchlar guruhi tomonidan tungi tintuv o‘tkazilgandan so‘ng hibsga olingan. Uning uyidan qandaydir bir kukun topilgani aytiladi. Politsiya Vorontsovni tibbiy bo‘lmagan giyohvand moddalarni iste'mol qilishda aybladi va sud uni 10 kunlik qamoq jazosiga hukm qildi. Keyinchalik politsiya sobiq ruhoniyni «giyohvand moddalar iste'mol qilish uchun yashirin joy tashkil qilish»da ayblab, tergov boshlaganini ma'lum qilgan.
«Mening uyimda hech qachon yashirin joy bo‘lmagan. (...) Uyimdan topilgan kukun menga tegishli emas. Menimcha, bu narsa qasos olish va obro‘sizlantirish maqsadida atayin uyimga tashlab qo‘yilgan. Bundan kim foyda ko‘rishini va kim buyurtma bergan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilish qiyin emas. Meni yolg‘on va tuhmat bilan obro‘sizlantirishga urinayotgan kimsalarni hamma biladi. Menga qarshi kim jinoiy qasos olishga chorlaganini hamma biladi», — deb yozgan Vorontsov izolyatordan chetga chiqargan va hamfikrlari tomonidan ijtimoiy tarmoqda chop etilgan maktubida.
So‘nggi yillarda Vorontsov diniy birlashmani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Qozog‘iston Adliya vazirligiga bir necha bor murojaat qilgan, ammo har doim rad javobini olgan. Hibsga olinishidan avval, u mazkur qarorga qarshi sudga shikoyat arizasi topshirgani ma'lum bo‘lgandi.



