CNN World O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markaziga bag‘ishlab maqola e'lon qildi

ITSM matbuot xizmati fotosurati

CNN World saytida O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markaziga bag‘ishlangan maqola chop etildi. Bu haqda ITSM matbuot xizmati xabar berdi.

CNN ushbu loyihani mintaqaning global ilm-fan va madaniyatga qo‘shgan hissasini namoyish etish va shu bilan birga xalqaro muloqot uchun platforma vazifasini bajarishga qaratilgan yirik madaniy va ta'lim tashabbusi sifatida taqdim etadi.

Mualliflar ITSM ochilishini geosiyosiy mojarolardan tortib madaniy o‘ziga xoslik inqirozlarigacha bo‘lgan global muammolar bilan bog‘laydilar. Zamonaviy O‘zbekiston hududi tarixan savdo yo‘llari va madaniyatlar chorrahasida bo‘lganligi va al-Xorazmiy va Ibn Sino kabi mahalliy olimlar matematika, tibbiyot, falsafa va ilmiy fikrga katta hissa qo‘shganligiga alohida urg‘u beriladi.

CNN bu shunchaki muzey emas, balki ko‘rgazma maydonlarini tadqiqot infratuzilmasi bilan birlashtirgan gibrid muassasa ekanini ta'kidlaydi. Majmua kutubxonalar, arxivlar, restavratsiya va raqamlashtirish laboratoriyalarini, shuningdek, tadqiqot va ta'lim dasturlari uchun maydonlarni o‘z ichiga oladi.

Madaniy meroslarni qaytarish dasturiga alohida e'tibor qaratiladi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, xalqaro auktsion uylari, muzeylar va shaxsiy kollektsionerlar bilan hamkorlikda O‘zbekistonga taxminan 2000 ta artefakt va qo‘lyozmalar qaytarilgan, jumladan, Ibn Sino va al-Beruniyga oid materiallar, shuningdek, Temuriylar miniatyuralari va boshqa Islom san'ati namunalari. Asosiy eksponatlar orasida Qur'onning saqlanib qolgan eng qadimgi nusxalaridan biri bo‘lmish hazrati Usmon Qur'oni va Ka'ba kisvasining bir qismi mavjud.

Maqolada shuningdek, xorijiy rahbarlar va xalqaro tashkilotlarning baholari keltirilgan. Jumladan, unda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning loyihani qo‘llab-quvvatlashi va BMT Bosh kotibi Antonio Guterrishning ijobiy fikrlari qayd etilgan. ITSM va BMT Sivilizatsiyalar alьyansi o‘rtasida hamkorlik memorandumining imzolanishi alohida ta'kidlangan.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me'moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur'oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta'lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma'rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.