Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov respublikada Futbolni rivojlantirish milliy dasturini tasdiqladi, deb xabar beradi 24.kg.
Dastur 2026 yildan 2034 yilgacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Hujjatda futbol bilan omaviy shug‘ullanish uchun sharoit yaratish, futbolchilarning professional rivojlanishini yaxshilash va yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ko‘zda tutilgan.
Dasturni amalga oshirishda davlat idoralari, mahalliy hokimiyat organlari va Qirg‘iziston Futbol Ittifoqi (QFI) ishtirok etadi. Ular har yili o‘zlarining futbolni rivojlantirish rejalarini tuzishlari va yiliga ikki marta amalga oshirilgan ishlar haqida hisobot berishlari shart.
Hujjat hali chop etilmagan.
Shuni ta'kidlash lozim, Japarov ilgari 2024 yil dekabr oyida 2034 yilgacha bo‘lgan Milliy futbolni rivojlantirish dasturini tasdiqlagan edi. Avvalgi hujjatda prezidentni nimalar qoniqtirmagani va dasturga qanday o‘zgartirishlar kiritilgani haqida ma'lumot berilmagan.
2024 yil fevral oyidan beri QFI prezidenti MXDQ sobiq rahbari Kamchibek Tashiyev bo‘lib kelgandi. Yaqinda u barcha davlat lavozimlaridan ozod etildi va ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, davolanish uchun chet elga ketgan. Tashiyev QFI prezidenti lavozimini saqlab qoladimi yoki yo‘qmi, bu hozircha noma'lum.
Shu bilan birga, 2024 yildan beri Qirg‘iziston futbolida ko‘plab o‘zgarishlar yuz berdi: zarur infratuzilma va yoshlar akademiyalari yaratildi, yangi futbol klublari paydo bo‘ldi, Yuqori Liga (yuqori divizion) ishtirokchilari soni kengaytirildi, «Barselona» (Ispaniya), «Trenchin» (Slovakiya) va «Aston Villa» (Angliya) kabi futbol klublari bilan aloqalar o‘rnatildi va taniqli sobiq xorvatiyalik futbolchi Robert Prosinechki milliy terma jamoa murabbiyi etib tayinlandi.



