O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlar mamlakatlar o‘rtasida strategik sheriklikni rivojlantirish uchun qo‘shma investitsiya tuzilmasini yaratishga oid bitimni imzoladi. Bunda minerallarni qidirish va qazib olishdan tortib, ularni qayta ishlashgacha bo‘lgan butun qiymat zanjiriga ta'sir qiluvchi muhim minerallar sohasidagi loyihalarga ustuvor ahamiyat beriladi. Bu haqda AQSh Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) matbuot bayonotida so‘z yuritiladi.
Amerika tomoni imzolangan bitimni «tarixiy» deb atadi, zero u strategik iqtisodiy sohalarga va o‘zaro manfaatli loyihalarga xususiy investitsiyalarni kengaytirishga yordam beradi, deya hisoblaydi.
Imzolash marosimi Vashingtonda Tinchlik Kengashi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Qo‘shma Shtatlarga kelgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Shartnoma DFC bosh direktori Ben Blek, AQSh Eksimbanki raisi Jon Yovanovich va O‘zbekiston tomonidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ijrochi direktori Shuhrat Vafoyev tomonidan imzolandi.
Hujjatda investitsiya tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma xolding kompaniyasini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.
«Ushbu kelishuv Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘sib borayotgan sheriklikni chuqurlashtirish yo‘lidagi dastlabki qadamlarni belgilaydi. Ushbu strategik doirada DFC mintaqaviy ittifoqchilarimiz bilan muhim ta'minot zanjirlarini mustahkamlash va ikkala mamlakatda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun yaqindan hamkorlik qiladi, shu bilan AQSh va O‘zbekistonning global savdo va innovatsiyalar kelajagida yetakchilik qilishini ta'minlaydi», — dedi Blek.
Umuman olganda, DFC ta'kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda Transkaspiy yo‘lagi bo‘ylab savdodan tortib, muhim qazilma yoqilg‘ilar va barqaror energiya manbalariga global talabning tez o‘sishigacha bo‘lgan ulkan iqtisodiy imkoniyatlarni ko‘rmoqda. Shuning uchun Amerika tomoni ikkala mamlakat uchun ustuvor bo‘lgan sohalarga: mineral qazib olish, energetika va infratuzilmaga investitsiyalarni jalb qilishga tayyor.
ℹ️ 2019 yili tashkil etilgan Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) AQSh hukumatining investitsiya bo‘limi hisoblanadi. DFC AQSh tashqi siyosatini ilgari surish va butun dunyo bo‘ylab xususiy kapitalni safarbar qilish orqali milliy xavfsizlikni mustahkamlash yo‘lida xususiy sektor bilan hamkorlik qiladi.



