2025 yil natijalariga ko‘ra, Dushanbe xalqaro aeroporti va Ichki ishlar vazirligining Davlat yo‘l harakati inspektsiyasi (DYHI) Tojikistondagi eng korruptsiyalashgan tashkilotlar deb topildi. Ushbu ma'lumot Davlat moliyaviy nazorati va korruptsiyaga qarshi kurash agentligi vakillari tomonidan e'lon qilindi, deb xabar beradi «Aziya-Plyus».
Rasmiylarning hisob-kitoblariga ko‘ra, hisobot davrida poytaxt aeroporti xodimlari o‘zlarining noqonuniy xatti-harakatlari orqali davlatga 319 million somonidan (33,8 million dollar) ortiq zarar yetkazgan.
Yo‘l harakati inspektsiyasi xodimlari ham yil davomida katta boylik o‘g‘irlashdi. Ushbu tashkilot xodimlari tomonidan yetkazilgan moliyaviy yo‘qotishlar 248,4 million somoni (26,3 million dollar) deb baholanmoqda.
Nomi tilga olingan bu ikki tashkilot korruptsiyalashgan amaldorlar ro‘yxatida katta farq bilan yetakchilik qilmoqda. Quyidagi tashkilotlar ham ko‘rsatgichlar bo‘yicha kuchli 5 talikka kirgan:
👉 Yo‘llarni qayta tiklash loyihasini amalga oshirish markazi — 18,3 million somoni (1,9 million dollar);
👉 «Suv kanali va kanalizatsiya» davlat unitar korxonasi — 5,9 million somoni (625 000 dollar);
👉 «Issiqlik va energiya tejash markazi 2» filiali — 5,9 million somoni (625 000 dollar).
Davlat yo‘l harakati inspektsiyasidagi korruptsiya mavzusini davom ettirarkan, Davlat moliyaviy nazorat agentligi vakillari Tojikiston Ichki ishlar vazirligining Davlat imtihonlarini ro‘yxatga olish departamenti mansabdor shaxslariga nisbatan 2725 ta transport vositasiga bojxona rasmiylashtiruvisiz davlat raqamlarini berganliklari uchun jinoiy ishlar qo‘zg‘atilganini qo‘shimcha qilishdi.
Korruptsiyaga qarshi kurash agentligi mulozimlarining so‘zlariga ko‘ra, tergovlar davomida to‘lanmagan bojxona to‘lovlari tufayli yo‘qotilgan 253 million somoni (26,8 million dollar) ushbu jinoyatlarga aloqador shaxslar, jumladan, mamlakatga noqonuniy ravishda avtomobillar olib kirgan tadbirkorlarning mablag‘lari hisobidan respublika byudjetiga qaytarilgan.
Davlat moliyaviy nazorati va korruptsiyaga qarshi kurash agentligi har yili o‘g‘irlik va shunga o‘xshash qonunbuzarliklarning eng yuqori darajasiga duchor bo‘lgan tashkilotlar antireytingini yangilab boradi. Ta'kidlanishicha, so‘nggi yillarda ro‘yxatga mahalliy davlat hokimiyati organlari, sog‘liqni saqlash, ta'lim, mudofaa, ichki ishlar, qishloq xo‘jaligi sohalaridagi idoralar va Yer resurslarini boshqarish qo‘mitasi tez-tez kiritilgan.



