Qirg‘izistonlik amaldorlarga xorijiy bank hisob raqamlarini ochish, qarindoshlari bizneslariga yordam berish, filial kompaniyalar bilan bitimlarda ishtirok etish, rasmiy resurslardan shaxsiy maqsadlarda foydalanish va rasmiy esdalik sovg‘alari bundan mustasno, sovg‘alar va mukofotlar olish taqiqlandi. Tegishli qoidalar ochiq manbalarda e'lon qilingan va 10 kundan so‘ng kuchga kiradigan «Korrutsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida»gi qonunda mustahkamlandi, deb xabar beradi 24.kg nashri.
Hujjatda davlat idoralari korruptsiyaga oid ma'lumotlarni olishi uchun himoyalangan kanallarni yaratishi shartligi aytilgan. Shu bilan birga, bunday huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish kuchaytiriladi.
Prezident Sadir Japarov tomonidan imzolangan yangi qonun davlatning korruptsiyaga qarshi siyosatini — profilaktikadan tortib, bunday jinoyatlarga barham berishgacha — tizimlashtiradi. Unda «korruptsiya xavflari» va «korruptsiyaga qarshi standartlar» tushunchalari mavjud va afillangan shaxslar, yaqin qarindoshlar tushunchalariga aniqlik kiritilgan.
Ommaviy axborot vositalari ta'kidlashicha, birinchi marta qonun doirasida korruptsiyaning oldini olish bo‘yicha vakolatli organ tashkil etildi. U davlat siyosatini ishlab chiqishda ishtirok etadi, xavflarni tahlil qiladi, korruptsiyaga qarshi choralar samaradorligini baholaydi va respublikadagi korruptsiya holatiga oid yillik hisobotlarni e'lon qiladi. Biroq, ushbu vakolatlar va funktsiyalar qaysi tashkilotga berilgani aniqlanmagan.
Hujjatga ko‘ra, moliyaviy nazorat talablari kuchaytiriladi. Qonun doirasidagi mansabdor shaxslar aktsiyalar va ulushlarni ishonchli boshqaruvga o‘tkazishlari va o‘z daromadlari, xarajatlari va mol-mulkini, shu jumladan xorijiy aktivlarini deklaratsiya qilishlari shart. Soliq organi moliyaviy razvedka bo‘limi bilan birgalikda daromadlar va xarajatlar muvofiqligini tahlil qiladi va agar noqonuniy boyib ketish belgilari aniqlansa, audit natijalarini prokuratura va huquqni muhofaza qilish organlariga yuboradi.
Bundan tashqari, korruptsiya xavflarini majburiy tahlil qilish, normativ hujjatlarni korruptsiyaga qarshi baholash, tegishli jinoyatlarning yagona reyestrini yuritish, ushbu sohada statistikani to‘plash, shuningdek, jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan aktivlarni qaytarish qoidalarini o‘z ichiga olgan xalqaro hamkorlik mexanizmlari joriy etiladi.
Qirg‘iziston hukumatiga olti oy ichida o‘z qoidalarini yangi qonunga muvofiqlashtirish topshirildi.



