Turkmaniston prezidenti Bosh vazir o‘rinbosarlari va Milliy xavfsizlik vazirligi rahbarini almashtirdi

Turkmaniston prezidentining «Og‘uzxon» rezidentsiyasi. wikipedia.org sayti fotosurati

13 fevral kuni Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov hukumat lavozimlaridagi mulozimlarni ishdan olish va ularning o‘rniga boshqalarni tayinlash to‘g‘risida 50 dan ortiq farmon va qarorlarni imzoladi.

Bosh vazir o‘rinbosarlari Mammetxon Chakiyev, Bayramgul Orazdurdiyeva va Botir Amanov lavozimlaridan ozod qilindi. Sababi keltirilmagan. Ularning lavozimlarini «Turkmaniston dengiz va daryo transporti» agentligining sobiq raisi Botir Annayev, Turkmaniston davlat arxitektura va qurilish institutining sobiq rektori Botir Mammedov va «Turkmaneftь» davlat kontsernining sobiq raisi Guvanch Agadjanov egalladi.

Bir nechta vazirlik va idoralar rahbarlari ham ishdan bo‘shatildi.

Mirat Mammedov nafaqaga chiqishi munosabati bilan Turkmaniston Sog‘liqni saqlash va tibbiyot sanoati vaziri lavozimidan ozod qilindi. Bu lavozimni Miratberdi Gaipov egalladi.

Charigeldi Babanyazov Atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri lavozimidan ozod qilindi. Uning o‘rniga Ovezgeldi Goshjanov tayinlandi.

Begmirat Atayev Turkmaniston Oziq-ovqat sanoati davlat assotsiatsiyasi raisi lavozimidan ozod qilindi. Uning o‘rniga Bayramdurdi Tejenov tayinlandi.

14 fevral kuni prezident farmoni bilan Turkmaniston Milliy xavfsizlik vaziri Nazar Atagarayev boshqa lavozimga o‘tgani sababli lavozimidan ozod qilindi. Davlatgeldi Meredov Milliy xavfsizlik vazirligi rahbari etib tayinlandi.

Bundan tashqari, Turkmanistonda Avtomobil yo‘llari qurilishini boshqarish davlat agentligi negizida Avtomobil yo‘llari vazirligi tashkil etildi. Xongeldi Kerimov uning rahbari etib tayinlandi.

Ashirguli Begliyev nafaqaga chiqishi munosabati bilan Turkmaniston prezidentining neftь va gaz masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod qilindi.

Berdimuhamedov shuningdek, Turkmanboshi, Turkmanobod, Mari shaharlari va bir nechta tumanlar hokimlarini almashtirdi.