Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Adilet Orozbekovni Xavfsizlik kengashining yangi kotibi etib tayinladi. Davlat rahbari 12 fevral kuni bu borada farmonni imzoladi, deb xabar beradi uning matbuot xizmati.
Ushbu tayinlovdan oldin Orozbekov 2025 yil dekabridan beri Prezident administratsiyasi Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlari bajarilishini nazorat qilish boshqarmasining Mudofaa, huquqni muhofaza qilish va xavfsizlik bo‘limi davlat inspektori lavozimida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi Kamchibek Tashiyev ishdan bo‘shatilganidan so‘ng, xavfsizlik xizmatlarida bir qator kadrlar o‘zgarishlari sodir bo‘ldi. Xususan, Japarov Xavfsizlik kengashi kotibi Rustam Mamasadiqovni ishdan bo‘shatib, uni maxsus xizmat boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari etib tayinladi. Jumgalbek Shabdanbekov MXDQ boshlig‘i vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Endi prezident Xavfsizlik kengashining yangi kotibini tasdiqladi.
ℹ️ Adilet Orozbekov 1978 yili tug‘ilgan. U Qirg‘iziston Xalqaro universitetini diplomatiya va xalqaro huquq mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Shuningdek, u Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) akademiyasida tahsil olgan. U 1-darajali davlat fuqarolik xizmati maslahatchisi va polkovnik harbiy unvonlariga ega.
Respublika rahbari matbuot xizmatining ma'lumotlariga ko‘ra, Orozbekov razvedka xizmatida katta tajribaga ega. Xususan, u turli davrlarda Konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, Xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i, Terrorizmga qarshi kurash markazida bosh mutaxassis lavozimlarida ishlagan. Shuningdek, u Tashqi ishlar vazirligida, Shanxay hamkorlik tashkiloti ishlari bo‘yicha milliy koordinator idorasida ishlagan va Qirg‘iziston prezidenti administratsiyasining Vaziyat markazida mutaxassis bo‘lgan.



