Qirg‘izistonda muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga chaqiruvchi murojaatga imzo chekkan 75 kishidan uchtasi hibsga olindi, deb xabar beradi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.
Hibsga olinganlarning ismlari oshkor qilinmagan. AKIpress ular «Xalq parlamenti» harakati koordinatori va Bosh vazir apparatining sobiq rahbari Bekbolot Talgarbekov, Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Emilbek Uzoqboyev va prezidentning Jogorku Keneshdagi (parlament) sobiq vakolatli vakili Kurmanbek Diykanbayev ekanini aniqlagan.
Uchalasi ham Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 278-moddasi («Ommaviy tartibsizliklar») bo‘yicha hibsga olingan.
75 nafar imzo chekkanlarning barchasi jinoyat ishi doirasida Ichki ishlar vazirligining Tergov xizmatiga olib ketilgan. Uch kishi vaqtinchalik hibsxonaga joylashtirilgan, qolganlari esa so‘roq qilingandan so‘ng qo‘yib yuborilgan. Hibsga olinganlarning turar joylarida tintuv o‘tkazilgan.
Prezident va parlament spikeriga yo‘llangan murojaat 9 fevralь kuni e'lon qilindi. Unda darhol yangi prezidentlik saylovlarini boshlash haqida so‘z yuriladi. Mualliflarning fikricha, 2021 yili yangi Konstitutsiyaning qabul qilinishi eski qoidalar asosida saylangan amaldagi davlat rahbarining vakolat muddatiga nisbatan huquqiy noaniqliklarni keltirib chiqargan. Ularning fikricha, muddatidan oldingi saylovlar nizolar va noaniq talqinlarning oldini olishga yordam beradi. Xatda imzo chekuvchilar, shuningdek, amaldagi hukumatning yutuqlarini — chegara muammolarini hal qilish, korruptsiyaga qarshi kurash, armiyani mustahkamlash va ijtimoiy yaxshilanishlarni — ta'kidlab o‘tishgan, shuningdek, davlat qarzining o‘sayotgani, inflyatsiya kuchayotgani va aholining chetga chiqib ketayotgani kabi muammolarni ham ta'kidlashgan. Murojaatga olimlar, sobiq Bosh vazirlar, sobiq parlament a'zolari va jamoat arboblari imzo chekishgan.
«Ushbu murojaatda keltirilgan ayrim bayonotlar keng jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘ldi va mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni yanada keskinlashtirdi», — deyiladi IIV xabarida.
Ertasi kuni, 10 fevralda prezident Sadir Japarov Qamchibek Tashiyevni Bosh vazir o‘rinbosari va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) rahbari lavozimidan ozod qildi. U o‘z qarorini «jamiyatda, jumladan, davlat idoralari o‘rtasida bo‘linishning oldini olish va aksincha, birlikni mustahkamlash» istagi bilan izohladi. Keyinchalik u bo‘linishning oldini olish deganda Tashiyevni nazarda tutmaganini aytdi.
«Gap Bekbolot Talgarbekov, Emilbek Uzoqbayevga o‘xshagan shaxslar haqida ketyapti, zero ular Kamchibek Tashiyev nomini niqob qilib, parlament a'zolaridan tortib jamoat arboblari va ziyolilargacha bo‘lgan turli odamlarga qo‘ng‘iroq qilishgan va «general tomoniga o‘ting, bunga imzo cheking, keling undoq qilaylik, keling bundoq qilaylik va hokazo» deya ularni turli harakatlarga undashgan»— deb tushuntirdi Japarov.



