Afg‘on qishloqlarini Turkmaniston elektr tarmog‘iga ulash loyihasi 2 mln dollarga baholandi

asiaplustj.info sayti fotosurati

Afg‘onistonda mahalliy aholi punktlarini Turkmaniston elektr tarmog‘iga ulash loyihasi boshlandi. Badgis viloyatining Sang-Atash tumanida joylashgan 21 ta qishloqni elektr energiyasi bilan ta'minlash rejalashtirilgan, deb xabar beradi «Biznes Turkmenistan» nashri Bakhtar axborot agentligiga tayanib.

Viloyat elektr ta'minoti boshqarmasi boshlig‘i Maulvi Xayrulloh Xayrxvaning so‘zlariga ko‘ra, loyiha 2 million dollarga baholangan. U toliblar* hukumatining Moliya vazirligi tomonidan moliyalashtiriladi. Texnik ishlar tugallangandan so‘ng, taxminan 7000 oila elektr energiyasi bilan ta'minlanadi.

Mulozimning qo‘shimcha qilishicha, loyiha uzoq vaqtdan beri to‘xtatib qo‘yilgan edi, ammo endi uni amalga oshirish qayta boshlangan. Ushbu dasturga kiritilgan barcha jamoalar keyingi besh oy ichida Turkmaniston elektr tarmog‘iga ulanadi.

Afg‘oniston hududidagi texnik ishlar Afghanistan Breshna Sherkat (DABS) tomonidan amalga oshirilmoqda, uning rahbari Abdul Bari Omar o‘tgan yil oxirida Turkmaniston energetika kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan yana bir keng ko‘lamli tashabbusni e'lon qilgandi. Gap TAP (Turkmaniston-Afg‘oniston-Pokiston) elektr uzatish liniyasi loyihasi haqida ketmoqda.

Afg‘on mulozimining so‘zlariga ko‘ra, loyihaning yo‘nalish xaritasi dekabrь oyida yakunlangan va DABS uni tez orada Ashxobodga yuborishni rejalashtirgan.

O‘shanda Afg‘oniston tomoni TAPH (Turkmaniston-Afg‘oniston-Pokiston-Hindiston) gaz quvuri orqali yetkazib beriladigan turkman gazidan foydalanib elektr energiyasi ishlab chiqarish niyatini ma'lum qilgan va sheriklar gaz narxlari bo‘yicha zudlik bilan kelishib olishlari kerakligini qo‘shimcha qilgandi.

O‘z navbatida, Turkmaniston hukumati vakillari qo‘shnilari bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini tasdiqladilar va TAP va TAPH loyihalari energetika sohasidagi hamkorlik, Ashxobod va Kobulning iqtisodiy manfaatlari uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ta'kidladilar.

*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.