Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasi loyihasida rus tiliga oid bandga o‘zgartirish kiritildi

gov.kz sayti fotosurati

Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasi loyihasidagi davlat tili haqidagi moddada bitta so‘z o‘zgartirildi. Bu haqda 9 fevralь kuni Respublika Konstitutsiyaviy sudi raisining o‘rinbosari Bakit Nurmuxanov ma'lum qildi deb xabar beradi Bes.media.

«9-moddada «teң» (teng) so‘ziga aniqlik kiritildi va u «qatar» (qatori) so‘zi bilan almashtirildi», — dedi Nurmuxanov Konstitutsiyaviy komissiya yig‘ilishida.

Yanvarь oyi oxirida e'lon qilingan loyihadagi 9-modda «til masalasiga» bag‘ishlangan. Unda, xususan, Qozog‘istonda davlat tili qozoq tili ekani aytilgan. Davlat tashkilotlari va mahalliy hokimiyat organlarida rus tili rasman qozoq tili qatorida qo‘llaniladi. Ushbu so‘z amaldagi konstitutsiyadan ko‘chirilgan bo‘lib, unda til masalasi 7-moddada yoritilgan. Biroq, endi uni o‘zgartirishga qaror qilindi.

Shuni ta'kidlash joiz, aksariyat Rossiya ommaviy axborot vositalari bu yangilikka juda ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishdi. TASS davlat axborot agentligi, taklif qilingan tuzatishlarga qaramay, rus tili Qozog‘istonda rasmiy maqomini saqlab qolishini xabar qildi. Sputnik.kz (Rossiyaning Sputnik axborot agentligining qozoq bo‘limi), o‘z navbatida, Ojegovning lug‘atida «naryadu» va «naravne» so‘zlari sinonim ekanini ta'kidladi. Shu bilan birga, «Moskovskiy komsomolets» gazetasi ushbu yangilikni «Qozog‘iston rus tilini yashirincha «pasaytirdi» sarlavhasi ostida chop etdi va yangi Konstitutsiya loyihasi «rus tili maqomida nozik, ammo fundamental o‘zgarish yuz berdi, bu uning rasmiy sohadagi mavqeini tubdan o‘zgartiradi» deb ta'kidladi.

Qozog‘istonda konstitutsiyaviy islohotni prezident Qosim-Jomart To‘qayev ilgari surdi. Asosiy qonun mazmuni 80% dan ortiqqa yangilanishi rejalashtirilgan.