Eron Nobel mukofoti sovrindori Narges Muhammadini yana yetti yarim yillik qamoq jazosiga hukm qildi

Narges Muhammadi. NurPhoto via Getty Images fotosurati

Eronlik inson huquqlari faoli, tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Narges Muhammadi yangi 7,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

53 yoshli Muhammadi 12 dekabr kuni Eron shimoli-sharqidagi Mashhad shahrida dafn marosimida kaltaklanib, hibsga olingan. Prokuror Hasan Hematifar o‘shanda jurnalistlarga Muhammadi provokatsion so‘zlarni aytganini va yig‘ilganlarni «me'yorlarni buzuvchi shiorlar» va «jamoat tartibini buzuvchi» shiorlar aytishga undaganini aytgan.

Muhammadi Mashhaddagi tergov izolyatorida saqlanmoqda. U o‘ziga va boshqa mahbuslarga tibbiy yordam ko‘rsatilishi taqiqlangani, shuningdek, majburiy hijobda bo‘lish qoidasiga norozilik sifatida 2-8 fevral kunlari ochlik e'lon qilgan. Faol o‘zining advokati Mostafa Niliga telefon orqali 7 fevral kuni chiqarilgan yangi hukm haqida ma'lum qilgan.

Hukm yig‘ilishlarda qatnashish va milliy xavfsizlikka qarshi fitna uyushtirganlik uchun olti yil va hukumatga qarshi tashviqot uchun bir yarim yil qamoq jazosini o‘z ichiga oladi. Huquq himoyachisi jazo muddati tugagach, ikki yil muddatga Xusf shahriga surgunga jo‘natiladi.

ℹ️ 1972 yili tug‘ilgan va ma'lumoti fizik bo‘lgan Narges Mohammadi o‘z faoliyatini jurnalist va siyosiy yozuvchi sifatida boshlagan. U 2012 yildan beri Frantsiyada surgunda yashab kelayotgan taniqli faol Tagi Rahmoniyga turmushga chiqqan, er-xotinning ikki farzandi bor.

Eron rasmiylari ilgari inson huquqlari faolini 13 marta hibsga olgan va jami 31 yilga ozodlikdan mahrum qilish va 154 marta darra urish jazosiga hukm qilgan. 2024 yil avgust oyida Muhammadi qamoqxonalarda muntazam jinsiy tegajoqlik bo‘layotganiga oid arizasi uchun qo‘shimcha bir yilga ozodlikdan mahrum qilingan, Tehron ayol shikoyatini yolg‘on deb atagan.

2024 yil dekabr oyida inson huquqlari faoli noyabr oyida o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotidan so‘ng tibbiy sabablarga ko‘ra Evin qamoqxonasidan vaqtincha ozod qilingan. Ozod qilinganidan beri u muntazam ravishda ta'qib va tahdidlarga duchor bo‘lib kelgan. 2025 yil iyul oyida Axborot vazirligi uning advokatlarini matbuotga intervyu berish, inson huquqlari guruhlarini safarbar qilish yoki inson huquqlarini targ‘ib qilish man etilishi borasida ogohlantirgan.

Muhammadi Eronda ayollar huquqlarini himoya qilish va o‘lim jazosini bekor qilish kampaniyasi uchun 2023 yili tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini olgan. Bu payt u qamoqda bo‘lgan.