O‘zbekiston va Pokiston salkam 3,5 milliard dollarlik investitsiya loyihalari portfelini shakllantirdi

Shavkat Mirziyoyev va Shahboz Sharif. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

O‘zbekiston va Pokiston qariyb 3,5 milliard dollarlik qo‘shma investitsiya loyihalari portfelini shakllantirdi va bundan qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, geologiya, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati sohalaridagi tashabbuslar joy oldi. Iqtisodiy hamkorlik dasturi Markaziy Osiyo respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Islomobodga tashrifi doirasida ishlab chiqildi, deb xabar beradi uning matbuot xizmati.

Mirziyoyevning Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan o‘tkazgan muzokaralarida savdo-iqtisodiy aloqalar asosiy mavzu bo‘ldi. Tomonlar O‘zbekiston rahbarining ushbu tashrifi ikki mamlakat o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatilganining besh yilligi munosabati bilan o‘tayotganini ta'kidladilar.

Bu vaqt ichida o‘zaro savdo 2,5 baravarga o‘sib, taxminan 500 million dollarga yetdi, qo‘shma korxonalar va loyihalar soni esa deyarli uch baravar oshdi. Yaqin kelajakda savdo aylanmasini 2 milliard dollarga yetkazish maqsadi qo‘yildi. Shuning uchun imtiyozli savdo shartnomasi bo‘yicha mahsulotlar turini sezilarli darajada kengaytirish va O‘zbekistonning Lahor va Karachidagi savdo uylari imkoniyatlaridan yanada faolroq foydalanishga qaror qilindi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston – Pokiston Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Transport va logistika aloqalarini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratildi. Transafg‘on temir yo‘li loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish va «Pokiston – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» transport yo‘lagini rivojlantirish muhimligi ta'kidlandi.

Ikki mamlakat hududlarining o‘zaro aloqalari iqtisodiy hamkorlik rivojining asosiy drayverlaridan biri sifatida belgilandi. Shuning uchun O‘zbekiston – Pokiston hududlararo forumini tashkil etishga kelishilib, uning birinchi uchrashuvini shu yil Xorazm viloyatida o‘tkazish taklifi bildirildi.

Muzokaralar davomida sheriklikning boshqa jihatlari, jumladan, ziyorat turizmi sohasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ham muhokama qilindi. Ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash maqsadida joriy yilda Pokistonda O‘zbekiston madaniyati haftaliklari va O‘zbekiston kinosi kunlarini o‘tkazishga kelishib olindi. Lahorda Boburiylar merosini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma madaniyat markazi tashkil etiladi.

Mirziyoyev Sharifga Islomoboddagi ko‘chaga «Toshkent» nomi berilgani uchun alohida minnatdorchilik bildirdi. O‘z navbatida, Markaziy Osiyo respublikasi rahbari Pokiston poytaxtida davlat arbobi va shoir Zahriddin Muhammad Bobur nomi bilan atalgan bog‘ tashkil etilishini ma'lum qildi. Bu bog‘ pokistonliklarga mamlakat mustaqilligini nishonlash arafasida sovg‘a bo‘ladi.

Mirziyoyevning Islomobodga tashrifi davomida O‘zbekiston rahbariga Pokiston Milliy fan va texnologiyalar universitetining faxriy doktori va professori unvonini topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvlar yakunida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga doir o‘ttizga yaqin hujjat va Qo‘shma deklaratsiya imzolandi.

Shu jumladan:

✅ Port xizmatlari va chegirmalar taqdim etish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;

✅ Konchilik va geologiya sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;

✅ Raqamli va axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;

✅ Radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;

✅ Korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;

✅ Ikki mamlakat mudofaa vazirliklari o‘rtasida «yo‘l xaritasi».