Afg‘oniston Oliy ta'lim vazirligi Kobul tibbiyot fanlari universitetida mamlakatda ilk bor shar'iy tabobat fakulteti (prophetic traditional medicine) tashkil etilishini ma'lum qildi. Bu haqda Amu.tv xabar berdi.
Qaror «Tolibon» harakati (terrorchi deb topilgan va bir nechta mamlakatlarda taqiqlangan tashkilot) yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda tomonidan chiqarilgan farmon asosida qabul qilingan. 2 fevral kuni vazirlikning X ijtimoiy tarmoq sahifasida chop etilgan press-relizda yangi fakultetni tashkil etishdan maqsad «shar'iy tabobat sohasidagi ilmiy, ma'rifiy va tadqiqot faoliyatini kuchaytirish» ekani aytilgan. Vazirlik bunday fakultetning tashkil etilishi «tibbiyot fanlarini rivojlantirish va professional kadrlar tayyorlashda» muhim rol o‘ynashini ta'kidlaydi.
Shar'iy tabobat — bu Islomda payg‘ambar Muhammad s.a.v.ning maslahatlari va tavsiyalariga asoslangan shifo va gigiyena tizimi bo‘lib, hadislarda bayon etilgan. U O‘rta asrlarda tizimlashtirilgan va yunon tabiiy falsafasidan kelib chiqqan ko‘plab amaliyotlarni o‘z ichiga olgan kengroq islom tabobatidan farq qiladi.
Shar'iy tabobatda hijoma, asal va qora sedanadan foydalanish, shuningdek, duo, zikr kabi usullardan foydalaniladi. Zamonaviy tibbiyotdan farqli o‘laroq, bunday yondashuv jarrohlik amaliyotini o‘z ichiga olmaydi va parhez, oddiy dorilar va ruhiy amaliyotlarga qaratilgan.
Shar'iy tabobat bo‘yicha o‘quv dasturlari bir qator musulmon mamlakatlarida mavjud. Hindistonda Xalqaro Islom shar'iy tabobati universiteti mavjud. Saudiya Arabistonida Qirol Abdulaziz Universitetining Tibbiyot fakultetida shar'iy tabobatning terapevtik qo‘llanilishiga bag‘ishlangan kafedra mavjud.
ℹ️ 2021 yil avgust oyida hokimiyatga qaytganidan beri «Tolibon» harakati o‘quv dasturlarini o‘z talqinidagi Islom me'yorlariga asoslab o‘zgartirib kelmoqda. Shunday qilib, 2025 yil avgust oyida Afg‘oniston Oliy ta'lim vazirligi universitet o‘quv dasturlaridan 18 ta akademik fanni olib tashladi va 200 dan ortiq boshqa fanlarni qayta ko‘rib chiqishni buyurdi. O‘zgarishlar islomshunoslar va shariat bo‘yicha mutaxassislar tomonidan oliy ta'lim mazmuni «Islom tamoyillari va tizim siyosati» ga mos kelishi ko‘rib chiqilganidan so‘ng kiritildi. Mamlakat bo‘ylab barcha universitetlarda Islom ta'limi bo‘yicha majburiy kurslar soni 8 dan 24 kredit soatiga oshirildi. Toliblar hukmronligining dastlabki ikki yilida 5618 ta yangi diniy maktab ochildi, sobiq hukumat davrida ularning soni 1212 ta edi.
Eng qattiq cheklovlar ayollar ta'limida qo‘llandi. 2022 yil dekabr oyida toliblar qizlar va ayollarning universitetlarga borishini butunlay taqiqladi. Afg‘oniston qizlarga boshlang‘ichdan yuqori daraja ta'lim olishni taqiqlangan dunyodagi yagona mamlakat bo‘lib qolmoqda. YuNESKO ma'lumotlariga ko‘ra, 2021 yil avgustidan beri o‘rta va oliy ta'lim olish imkoniyatidan 2,2 million afg‘on ayoli mahrum bo‘lgan.



