Seshanba, 13 yanvar kuni Qozog‘iston neft eksportining taxminan 80 foizini boshqaradigan Kaspiy quvurlari konsorsiumi (KQK) terminali yaqinida bir nechta neft tankerlariga dronlar hujum qilgan. Bu haqda Reuters agentligi manbalari xabar qilgan.
Agentlikning dastlabki xabarlarida yunon kompaniyalari tomonidan boshqariladigan Delta Harmony va Matilda tankerlariga hujum qilingani ko‘rsatilgan. Ular «Tengizshevroyl» va KRO konsortsiumidan neft yuklashlari kerak bo‘lgan. Keyinchalik Reuters Kaspiy quvurlari kontsortsiumi tomon yo‘l olgan Freud va Delta Supreme kemalariga dronlar hujum qilganini xabar qildi.
«Shunday qilib, 13 yanvar kuni dronlar hujumiga duchor bo‘lgan KQK nefti bilan ishlaydigan kemalar soni to‘rttaga yetdi», — deyiladi xabarda.
Matilda tankerini boshqaradigan Thenamaris kompaniyasi vakili agentlikka terminaldan 30 mil uzoqlikda kemaga ikkita dron hujum qilganini tasdiqlagan.
«Hech kim jabrlanmagan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, kema palubasi tuzilmalariga ozgina zarar yetgan, ular to‘liq ta'mirlanishi mumkin. Kema dengizga chiqishga yaroqli va hozirda ushbu hududni tark etmoqda», — degan kompaniya vakili.
Dengiz xavfsizligi sohasidagi ikki manba Reutersga hujumga uchragan boshqa kema — Delta Harmony bortida yong‘in chiqqanini, ammo tezda o‘chirilganini aytgan. Hozirda Freud va Delta Supreme tankerlariga yetkazilgan zarar ko‘lami haqida hech qanday ma'lumot yo‘q.
KQK Qozog‘istonning g‘arbiy qismidagi Tengiz konini Novorossiysk yaqinidagi Yujnaya Ozereyevka dengiz terminali bilan bog‘laydi. KQK aktsiyadorlari orasida Rossiya (31%), Qozog‘iston (20,75%), Chevron (15%) va xususiy kompaniyalar bor.
Noyabr oyi oxirida Ukraina dronlari Novorossiyskdagi Kaspiy quvurlari konsorsiumi terminaliga hujum qilib, №2 bardoshli langar uskunasini ishdan chiqardi va bu holat Qozog‘iston neft eksportining kamayishiga olib keldi. Qozog‘iston Energetika vazirligi KQKga qilingan hujumlar natijasida 480 000 tonna neft qazib olish yo‘qotilganini ma'lum qildi. Rasmiylar hozirda neft qazib olishni qisqartirishni chetlab o‘tish maqsadida muqobil eksport yo‘llarini faol izlashmoqda.



