«Rosatom» rahbari: «Islom sivilizatsiyasi markazi yosh avlod talablariga javob bera oladi»

Aleksey Lixachev Islom sivilizatsiyasi markazida. ITSM matbuot xizmati fotosurati

Rossiyaning davlatga qarashli atom energetikasi sohasidagi eng yirik korporatsiyasi bo‘lmish «Rosatom» delegatsiyasi bosh direktor Aleksey Lixachev boshchiligida Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Bu haqda ITSM matbuot xizmati xabar berdi.

Mehmonlar muzeyning islomga qadar, shuningdek, Birinchi va Ikkinchi Renessans davlarini aks ettiruvchi zallarini tomosha qildilar va muzeyning texnik mukammalligini, xususan, uning 3D rekonstruksiyalari va multimedia namoyishlarini yuqori baholadilar.

Lixachev Islom sivilizatsiyasi markazini «O‘zbekistonning tarixiy merosi, madaniyati va ilmini yuqori darajada taqdim eta olgan fundamental majmua» deya ta'rifladi.

«Interaktivlik, mustaqil tadqiqotlar va ta'limga qiziqish Markazni yoshlar uchun ayniqsa jozibador qiladi. Milliy libosda virtual portret yaratish kabi elementlar yosh tashrifchilarda qiziqish uyg‘otadi. Bugungi kunda O‘zbekiston bilim, zamonaviy fikrlash va o‘z yurtiga samimiy muhabbatga yo‘g‘rilgan avlodni shakllantirgan holda innovatsiya va ochiqlik siyosatini namoyish etmoqda», — dedi «Rosatom» rahbari.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me'moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur'oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta'lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma'rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.