Inson huquqlari faollari Erondagi norozilik namoyishlarida halok bo‘lganlar sonini 500 dan ortiq deb baholamoqda

tasnimnews.com sayt i fotosurati

11 yanvarь holatiga ko‘ra, Erondagi ommaviy norozilik namoyishlarida 544 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Eronda inson huquqlari himoyasi va uning targ‘iboti bilan shug‘ullanuvchi HRANA (Human Rights Activists News Agency) guruhi xabar berdi.

O‘lganlar orasida 483 nafar namoyishchi, 47 nafar xavfsizlik xodimi, bir nafar prokuror, sakkiz nafar bola va namoyishda ishtirok etmagan besh nafar odam bo‘lgan. 10 600 dan ortiq odam hibsga olingan.

Namoyishlar mamlakat bo‘ylab 585 ta aholi maskanlarida, jumladan, barcha viloyatlardagi 186 ta shaharda bo‘lib o‘tdi.

Tehron rasmiylari hozircha xavfsizlik kuchlari orasida halok bo‘lganlar sonini faqat 11 yanvarь holatiga ko‘ra xabar qilishgan: 38 kishi. 12 yanvarь kuni IIQK (Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi) bilan bog‘liq Tasnim axborot agentligi 114 nafar huquqni muhofaza qilish organlari xodimi halok bo‘lganini, eng ko‘pi Isfahonda — 30 kishi o‘lganini xabar qildi.

Reuters agentligining xabar berishicha, davlat televideniyesi Tehrondagi sud-tibbiy ekspertiza binosi tashqarisida o‘nlab jasadlar tasvirlangan lavhalarni namoyish etgan va xabarda halok bo‘lganlar «qurolli terrorchilar» tomonidan qo‘zg‘atilgan voqealar qurbonlari bo‘lgani aytilgan.

Eron hukumati uch kunlik milliy motam e'lon qildi.

Eron prezidenti Masud Pezeshkian televideniyedagi intervьyusida namoyishchilarni AQSh va Isroil buyruqlarini bajarayotgan terrorchilar deb atadi va xavfsizlik kuchlarini qat'iy choralar ko‘rishga chaqirdi. Eronliklar 12 yanvarь kuni butun mamlakat bo‘ylab hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi mitingda ishtirok etishga chorlandi.

Eronda internet payshanba, 8 yanvardan beri o‘chirilgan. AQSh prezidenti Donalьd Tramp 11 yanvarь kuni milliarder Ilon Mask bilan Starlink sun'iy yo‘ldosh tizimi orqali eronliklarning internetga bog‘lanishini tiklash borasida gaplashishni rejalashtirayotganini ma'lum qildi.

Tramp shuningdek, Vashington Eron hukumati harakatlariga javoban «juda kuchli variantlarni» ko‘rib chiqayotganini aytdi. AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, harbiy mutaxassislar vaziyatni o‘rganmoqdalar. Tramp o‘zining katta maslahatchilari bilan Eronga qarshi choralar variantlarini muhokama qilishni 13 yanvarga rejalashtirilgan. Variantlar orasida harbiy zarbalar, maxfiy kiber qurollardan foydalanish, sanktsiyalarni kengaytirish va hukumatga qarshi manbalarga onlayn yordam ko‘rsatish kiradi.

O‘z navbatida, Eron parlamenti spikeri Muhammad Bag‘ir G‘olibaf Vashingtonni «agar Eronga hujum qilinsa, bosib olingan hududlar (Isroil), shuningdek, barcha AQSh bazalari va kemalari bizning qonuniy nishonlarimizga aylanadi», deya ogohlantirdi.

Bunga javoban Tramp Eronga jiddiy oqibatlar va'da qildi.

«Agar ular bu ishni qilishsa, biz ularga ilgari hech qachon duch kelmagan zarbalarni beramiz. Menda juda kuchli variantlar bor. Agar ular shunday qilsalar, ular juda kuchli kuchga duch kelishadi», — deya AQSh prezidenti so‘zlarini keltiradi NBC News telekanali.

ℹ️ Norozilik namoyishlari 28 dekabr kuni narxlarning keskin oshishiga javoban boshlandi va u tez orada hukumatga qarshi noroziliklarga aylanib ketdi. Tehron meri Alireza Zakaniyning so‘zlariga ko‘ra, birgina poytaxtda 25 ta masjid yoqib yuborilgan, 26 ta bank, uchta tibbiyot markazi, 10 ta davlat idorasi va 100 dan ortiq o‘t o‘chirish mashinalari, avtobuslar va tez yordam mashinalari zarar ko‘rgan. Namoyishchilarni Eron taxtining vorisi, 1979 yildan beri Qo‘shma Shtatlarda muhojirlikda yashab kelayotgan 65 yoshli Reza Pahlaviy qo‘llab-quvvatladi.

BMT Bosh kotibi Antonio Guterresh Eron bo‘ylab namoyishchilarga qarshi zo‘ravonlik va haddan tashqari kuch ishlatilayotgani haqidagi xabarlardan dahshatga tushganini aytdi. U Eron rahbariyatini vazmin bo‘lishga va darhol aloqani tiklashga chaqirdi.