Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida yashovchi 21 yoshli tarix o‘qituvchisi internetda Muhammad s.a.v.ni haqorat qilgan izohi uchun 12 kunga ma'muriy qamoqqa hukm qilindi, deb xabar beradi «Gazeta.uz» sud qaroriga tayanib.
Ish materiallariga ko‘ra, ayblanuvchi 30 dekabr kuni Muhammad s.a.v. haqida haqoratli so‘zlar bilan izoh yozgan. Samarqandlik bu izohni Telegram-kanallaridan birida qoldirgan. Bir hafta o‘tgach, foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqlarda post skrinshotini ulasha boshlashgan va rasmiylardan uning muallifini javobgarlikka tortishni talab qilishgan.
Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bu so‘rovlarga munosabat bildirgan va o‘qituvchini hibsga olishgan. Tergov ishlari haqoratli izoh haqiqatan ham o‘qituvchi tomonidan yozilganini isbotlagan va unga qarshi O‘zbekiston Ma'muriy kodeksining 184-3-moddasi («Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish») bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Ushbu jinoyat uchun 100 bazaviy hisoblash miqdorida (41 million so‘m yoki 3400 dollardan ortiq) jarima yoki 15 kunlik qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.
Sud majlisida gumonlanuvchi o‘z aybini tan olgan. Shu bois unga 12 kunlik qamoq jazosi tayinlangan. Sud ashyoviy dalil sifatida qo‘l telefonini yo‘q qilishni buyurgan, shuningdek, yigitning Telegramdagi profilidan foydalanishini ham cheklagan.
Bundan tashqari, o‘qituvchiga hibsda saqlanishi uchun davlatga 741 600 so‘m (60 dollar) to‘lash buyurilgan.
O‘zbekistonda internetdagi haqoratlar ham jinoyat deb hisoblanadi, ammo bunday jazolar sobiq yoki amaldagi davlat rahbariga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatilgan bo‘lsa qo‘llaniladi.
Masalan, 2024 yil aprelь oyida Namangan shahar sudi mahalliy aholi Bahodir Qurbonovni ijtimoiy tarmoqlardagi postlar orqali prezidentni haqorat qilgani uchun besh yilga ozodlikdan mahrum qildi. Unga Shavkat Mirziyoyevning Makkaga ziyorat qilgan holda 9 may kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan G‘alaba paradida qatnashgani yoqmagan. Natijada, foydalanuvchi mamlakat rahbarini «xoin» deb atagan.



