Tojikiston Demokratik partiyasining sobiq raisi Mahmadro‘zi Iskandarov uzoq muddatli qamoq jazosini o‘tab bo‘lganidan so‘ng 27 dekabr kuni ozod qilindi. Bu haqda «Aziya-Plyus» xabar qiladi.
Ikki mustaqil manba Iskandarovning ozod qilinganini nashrga tasdiqlagan, ammo tafsilotlarni oshkor qilmagan. Rasmiylar Demokratik partiyaning sobiq rahbari ozod qilinganiga oid izoh berishmagan.
Iskandarov Tojikistondagi fuqarolar urushi davrida sobiq Birlashgan Tojikiston muxolifati (BTM) qo‘mondoni bo‘lgan. 1997 yili tinchlik shartnomasini imzolaganidan va hukumat tuzilmalariga qayta qo‘shilganidan so‘ng, u davlatga qarashli «Tojikgaz» kompaniyasini boshqargan. 1999 yili u Tojikiston Demokratik partiyasi raisi etib saylangan.
2003 yili Iskandarov konstitutsiyaviy tuzatishlarga qarshi chiqqan va keyinchalik «Tojikgaz» rahbari lavozimidan ozod qilingan. So‘ng u Rossiyaga jo‘nab ketadi va u yerda Tojikiston hukumatining harakatlarini ochiqchasiga tanqid qiladi va 2006 yilgi saylovlarda prezidentlikka nomzodini qo‘yish niyatini e’lon qiladi.
2004 yil dekabr oyida Tojikiston rasmiylarining iltimosiga binoan Iskandarov Rossiyada hibsga olinadi, ammo Rossiya prokuraturasi uni ekstraditsiya qilish uchun hech qanday asos topmagani sababli 2005 yil 3 aprelda qo‘yib yuboriladi. Ozod qilinganidan so‘ng, Iskandarov Rossiya prezidenti Vladimir Putinga minnatdorchilik xatini yozgan.
2005 yil 15 aprelda u Moskva viloyatidagi Korolev shahrida sayr qilib yurganida g‘oyib bo‘lgan. O‘n kundan so‘ng Tojikiston Bosh prokurori Bobojon Boboxonov Iskandarov 22 aprel kuni Dushanbeda hibsga olinganini va Davlat xavfsizlik vazirligining tergov hibsxonasida saqlanayotganini e’lon qilgan.
Rossiya va Tojikiston rasmiylari Iskandarovning Moskva viloyatida hibsga olinganini rad etishgan. Biroq, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga yozgan arizasida siyosatchining o‘zi uning Korolevda qanday qilib o‘g‘irlab ketilgani va hujjatsiz Dushanbega olib ketilganini batafsil bayon qilgan.
2005 yil oktyabr oyida Tojikiston Oliy sudi Iskandarovni Jinoyat kodeksining oltita moddasi bo‘yicha 23 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. Ayblovlar terrorizm, banditizm, noqonuniy qurol saqlash, qo‘riqchilarni ushlab turish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va davlat mablag‘larini o‘zlashtirishni o‘z ichiga olgan. Iskandarov shuningdek, general-mayor unvonidan mahrum qilingan.
Mahmadro‘zi Iskandarovning o‘zi aybini tan olmagan va ta’qib qilinishini siyosiy sabablarga ko‘ra sodir etilgan deb ta’riflagan.



